Foto: Xs.uz

Adliya vazirligi “Haqiqat va taraqqiyot” SDPni roʻyxatdan oʻtkazishni rad etdi

/

Adliya vazirligi tomonidan “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish yuzasidan arizalar va ilova qilingan hujjatlar qonunchilikda belgilangan tartibda ikki marta oʻrganib chiqildi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati maʼlum qildi.

Qayd qilinishicha, partiyani davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha hujjatlar “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida” va “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi qonunlar talablariga rioya qilinmagan holda taqdim qilinganligi aniqlandi.

Xususan, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga koʻra, siyosiy partiyani tuzish uchun kamida 8 ta hududiy subyektda (viloyatda), shu jumladan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Toshkent shahrida yashayotgan hamda partiyaga birlashish istagida boʻlgan kamida 20 000 fuqaroning imzosi boʻlishi talab etiladi.

Biroq, partiyani davlat roʻyxatidan oʻtkazish boʻyicha bor-yoʻgʻi 9 873 ta imzo yigʻilgan.

Jumladan, 2021-yil 7-apreldagi arizaga 7 675 ta (qoʻshimcha 944 ta) va 7-iyundagi arizaga 1 254 ta imzo qoʻygan fuqarolarning roʻyxatlari ilova qilingan.

Oʻrganish jarayonida aniqlanishicha, imzolar roʻyxatida koʻrsatilgan shaxslarning 42 nafari vafot etgan.

Yuqorida koʻrsatilgan imzolar partiya tuzish bilan bogʻliq boʻlmagan holda turli sabablar asosida yigʻilganligi sababli, imzolarni hisobga olmaslik (bekor qilish) haqida bugungi kunga qadar vazirlikka jami 2 292 ta murojaat kelib tushdi.

“Shunga koʻra, “Haqiqat va taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish rad etildi.

Shuningdek, “Siyosiy partiyalar toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asosan, tashkiliy qoʻmita tuzilgan kundan boshlab uzogʻi bilan uch oy faoliyat koʻrsatish huquqiga egaligi va shu munosabat bilan, belgilangan muddat oʻtgandan keyin tashkiliy qoʻmita oʻz faoliyatini tugatishi, imzolar yigʻish toʻxtatilishi haqida eslatib oʻtiladi”, deyiladi vazirlik tarqatgan xabarda.

Latest from Blog