Adabiyot va san’at ruhimizni illatlardan tozalaydi – Xalq artistidan Prezidentga maktub

Tahririyatimizga O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti, xalqimizning sevimli aktrisasi Dilorom Karimovaning Prezident Shavkat Mirziyoyevga yo‘llagan maktubini chop etishimizni so‘rab taqdim etishdi. Bundan aktrisaning o‘zi ham xabardor. Maktubni e’tiborlaringizga havola qilamiz.

ДДД

“O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Shavkat Miromonovich Mirziyоyеvga

 Hurmatli Shavkat Miromonovich!

          Avvalo, qimmatli vaqtingizni olayotganim uchun uzr so‘rayman. Ushbu xatni yozishimga Sizning xalq, Vatan kelajagi borasidagi o‘ylaringiz, dunyoda o‘z o‘rni, o‘z so‘ziga ega buyuk davlat barpo etish yo‘lidagi olamshumul reja va niyatlaringizga ishonchim jur’at berdi.

Ayniqsa, Uchinchi Renessans haqida katta ishonch va ilhom bilan gapirganingizda ko‘plar qatori mening ham o‘y-fikrimni shu orzu qamrab oldi. Renessans moʻjizasiga erishish yo‘llarini ko‘rsatib berganingizda ona yurtimning kelgusidagi beqiyos go‘zal suvrati ko‘z o‘ngimda namoyon bo‘ldi. Shu bilan birga, qalbimga beixtiyor ma’yuslik ham kelib qo‘ndi. Sizning bunday hayotbaxsh farmon va qarorlaringiz amaliyotda to‘la-to‘kis bajarilmayotganidan ham kuyunaman, ham g‘azablanaman.

O‘zingiz necha bor eslatib o‘tganingizdek, zobit va shifokor mol-holimizni qo‘riqlasa, adabiyot va san’at ruhimizni illatlardan asraydi, tozalaydi. Ko‘ngli pok inson hech qachon Vatanga qarshi qurol ko‘tarmaydi, davlat va xalq mulkiga ko‘z olaytirmaydi. Bunday avlodni tarbiyalashda esa, albatta, kino va teatr san’ati alohida rol o‘ynaydi.

“Ilhaq” filmini suratga olish jarayonida bugungi o‘zbek kinosida kuzatilayotgan ba’zi ko‘ngilsiz voqealarga beixtiyor guvoh bo‘lib qoldim. Sizning e’tiboringiz tufayli keyingi uch-to‘rt yilda katta yo‘lga tushib olgan va milliy kinematografiyamizning kelgusi istiqbolini belgilab beruvchi navqiron kinoijodkorlar bilan “O‘zbekkino” milliy agentligining yangi rahbariyat o‘rtasida tushunmovchilik va kelishmovchilik paydo bo‘lib, ming afsuski, bu salbiy holat kundan-kunga keskinlashib borayotir.

O‘zbek kinosida shaffoflik, yangilikka intilish, korrupsiyaga qarshi kurash kabi olijanob xitoblar niqobi ostida nosog‘lom muhit kuchaytirib yuborilmoqda. Natijada eng yomon illat – guruhbozlik asta-sekin chuqurroq ildiz otyapti. Yangi rahbariyat kinoijodkorlarning boshini qovushtirib,  yangi marralar sari yo‘naltirish o‘rniga bilib-bilmay judayam katta parokandalikni keltirib chiqardi. Oqibatda Sizning rahnamoligingizda milliy kinematografiyamizda boshlangan ijobiy o‘zgarishlar, ijodiy izlanishlar yana orqaga ketayotir.

Meni qattiq tashvishga solayotgan holat, keyingi uch-to‘rt yilda kino mutaxassislari hamda kino shinavandilariga taniqli va sevimli bo‘lib ulgurgan Sarvar Karimov, Umid Hamdamov, Muzaffar Erkinov, Jahongir Ahmedov kabi yosh va umidli kinorejissyorlar, agar ahvol mana shu taxlit davom etaversa, sohani butunlay tark etish fikriga tushib qolganlar. Ular atrofida yig‘ilgan hamfikr ijodkorlar – tasvirchilar, yorituvchilar, rassomlar, kiyim va grimm ustalari, sahna yasovchi va quruvchilari, xullas, kino asar yaralishida qatnashuvchi yuzlab mutaxassislar ham tarqalib ketishi ehtimoli bor. Vaholanki, ayni shu katta jamoa Sizning davringizda shakllangan, Sizning o‘y-maqsadlaringizdan ilhom olgan va uni bajarishga bel bog‘lagan ijodkor yoshlar armiyasidir.

Kelajak avlod nazarini moziyga aql va qalb ko‘zi bilan qaratish maqsadida tarixiy filmlarga alohida e’tibor berish haqidagi qaroringizdan so‘ng mana shu yoshlar shijoat bilan maydonga chiqdi. Zamonaviy kino unsurlaridan foydalangan holda o‘tmishga yangicha nigoh asosida ishlangan tarixiy filmlar (“Avloniy”, “Qo‘qon shamoli”, “Elparvar”, “Termiziy”, “Ilhaq”) xalqimiz e’tiboriga tushdi. Kino muxlislarining “E-e, bo‘lar ekan-ku!” degan xitoblari eshitila boshladi.

Axir, iste’dodlar har kuni tug‘ilavermaydi. Talantlar millat mulkidir! Ularni asrash, avaylash kerak. Yaxshi bilamizki, eng qudratli davlatlar nomi ham adabiyoti, san’at va madaniyati orqali tarixga abadiy muhrlanib qolgan. Ochig‘i, o‘ttiz uch yil burun “Hamza” teatri boshiga tushgan falokat bugun o‘zbek kinosi misolida yana takrorlanishidan xavotirdaman.

Ehtimol, “O‘zbekkino”ning bugungi rahbariyati, xususan, Firdavs Abduxoliqovning niyati, urinishlari ezgudir, biroq natija yomon bo‘lyapti. Shaxsiy ambitsiyalarni bir chetga surib, yuzaga kelgan mushkul ahvoldan chiqish yo‘llari birgalikda izlanganida, muammolarga o‘z vaqtida yechim topilganida Sizning adolatni ta’minlash, xalq roziligiga erishishdek oqilona siyosatingiz bilan hamohang bo‘lur edi. Ming afsuski, o‘zbek kinosi mutasaddilari hamon tuzalish va tuzatish yo‘liga kirmayaptilar, natijada iste’dodli kinoijodkorlarning xalqimizga ma’naviy ozuqa bo‘lgulik san’at asarlarini yaratishga sarflanajak oltinga teng vaqtlarini boy bermoqdamiz!

Sizning bevosita rahnamoligingizda bugungi o‘zbek kinosidagi vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarishiga, O‘zbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida milliy kinematografiyamiz yanada rivojlanib, o‘zingiz aytgan Uchinchi Renessansga poydevor qo‘yilishiga kinoijodkorlar ham munosib hissa qo‘shishi uchun imkoniyat yaratilishiga kuchli ishonch va cheksiz ehtirom bilan

Dilorom Karimova,

O‘zbekston Respublikasi xalq artisti.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog