Abdulla Aripov Qozog‘istonda toshqindan jabrlanganlarga quriladigan uylarga poydevor qo‘yishda ishtirok etdi

O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qozog‘iston bosh vaziri Asqar Mamin 10-may kuni Turkiston viloyatining Maqtaaral tumani Mirzakent posyolkasida uchrashdi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh vaziri saytida xabar berildi.

korrespondent 1
Foto: Qozog‘iston bosh vaziri matbuot xizmati

Hukumat rahbarlari Maqtaaral tumanining suv toshqinidan zarar ko‘rgan Nurliyo‘l, Orgebas, Firdavsiy qishloqlarida bo‘ldi va toshqin oqibatlarini bartaraf qilish ishlari bilan tanishdi.

Hozirda suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish uchun 1300 dan ortiq kishi va 220 ta texnika jalb qilingan. Jumladan, O‘zbekistondan 200 nafar mutaxassis va 100 ga yaqin o‘t o‘chirish mashinasi, ekskavator, traktor, suv haydash nasosi va boshqa texnikalar yuborilgan.

Bosh vazirlar Maqtaaral tumani ma’muriy markazi — Mirzakent posyolkasida mikrorayon qurilishi rejasi bilan tanishib, mahalliy fuqarolar bilan uchrashgan va birinchi uylar qurilishi uchun poydevor qo‘yishda ishtirok etdi.

Qayd etilishicha, umumiy hisobda Mirzakentning Jenis, Jannatturmush va Do‘stlik aholi yashash punktlaridagi 500 oila uchun uy, maktab, bolalar bog‘chasi va feldsherlik punkti qurish rejalashtirilgan. Qurilish ishlari O‘zbekiston va Qozog‘iston mutaxassislari hamkorligida amalga oshiriladi.

Asqar Mamin va Abdulla Aripov Firdavsiy qishlog‘ida toshqindan zarar ko‘rgan uylarni tiklash ishlari bilan tanishib, mahalliy aholi bilan uchrashuv o‘tkazgan.

Eslatib o‘tamiz, Sardoba suv omboridagi suv toshqini oqibatida Qozog‘istonning Turkiston viloyati Maqtaaral tumani hududida texnogen xususiyatga ega favqulodda holat e’lon qilingandi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, toshqin natijasida viloyat hududida 30 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Qozog‘iston prezideni Qosim-Jo‘mart To‘qayev toshqindan jabr ko‘rgan Maqtaaral tumani aholisi yangi yoki ta’mirlangan uy joy bilan to‘liq ta’minlanishi, ularning har biriga respublika budjetidan 100 ming tenge berilishini ma’lum qilgandi.

Fikr bildirish

Your email address will not be published.

Latest from Blog