Abdulaziz Komilov: O‘zbekistonning G‘arb mamlakatlari bilan munosabatlar kun tartibidan “bolalar mehnati” deb ataladigan masala olib tashlandi

Hisobot davrida vazirlik xorijiy ellarda O‘zbekistonning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, chet el biznes hamjamiyatlari o‘rtasida respublikaning ijobiy imijini – obro‘-e’tiborini shakllantirish bo‘yicha siyosiy-diplomatik ishlarni faol davom ettirdi. O‘zbekiston bilan Xalqaro mehnat tashkiloti, shuningdek, AQSh va boshqa qator Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan munosabatlar kun tartibidan “bolalar mehnati” deb ataladigan masala olib tashlandi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Oliy Majlis Senatidagi hisobotida ma’lum qildi.

Foto: Uz24

Vazirlik hamda xorijdagi qator vakolatxonalarimizning besh yil davomida astoydil va sinchkovlik bilan olib borgan ishlaridan so‘ng Yevropa parlamenti O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi “To‘qimachilik protokoli”ni ma’qulladi.

Ushbu bitimning kuchga kirishi o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlarining Yevropa bozorlariga eksportini oshirish imkonini beribgina qolmasdan, G‘arb sarmoyadorlariga O‘zbekistonga kapital kiritish uchun ijobiy ishorani ham yo‘llaydi.

O‘zbekistonning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligi qayta yo‘lga qo‘yilganini alohida qayd etish lozim. Bundan tashqari, Yevropa investitsiya banki bilan bitim tuzish masalasi ham faol ishlab chiqilmoqda, deyiladi hisobotda.

Xabarlarda aytilishicha, ushbu hujjat O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati tomonidan ma’qullangan.

Latest from Blog