Foto: TIV matbuot xizmati

Abdulaziz Komilov Antaliyada Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashdi

/

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov diplomatik forumda ishtirok etish uchun Antaliyaga borishi haqida xabar berilgan edi. TIV matbuot xizmati 18-iyun kuni Antaliyaga amaliy tashrif bilan borgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Pokiston tashqi ishlar vaziri Shoh Mahmud Qurayshiy bilan uchrashganini ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, muzokaralarda ko‘p qirrali O‘zbekiston—Pokiston munosabatlarining holati va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

2021-yil 14-aprelda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Pokiston bosh vaziri Imron Xon o‘rtasidagi sammit yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni, shuningdek, sog‘liqni saqlash, ta’lim va turizm sohalaridagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning muhimligi ta’kidlandi.

Mintaqaviy masalalar, birinchi navbatda, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilma loyihalarini birgalikda amalga oshirish orqali iqtisodiyotini tiklashga alohida e’tibor qaratildi.

Tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari 2021-yil 15—16-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bog‘liqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiyada Pokiston tomoni ishtirokining amaliy jihatlarini ko‘rib chiqdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlarni qiziqtirgan ikki tomonlama kun tartibining boshqa masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi.

Eslatib o‘tamiz, Turkiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan o‘tkaziladigan Diplomatik forum 19-iyun kuni ham davom etadi. Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazadi.

Latest from Blog