Foto: TIV

Abdulaziz Kamilov Qatardagi “Tolibon” vakolatxonasi rahbari bilan uchrashdi

/

Oʻtgan haftada tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Qatar davlatiga amaliy tashrif bilan bordi.

TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, 10-aprel kuni Dohada delegatsiya Qatardagi “Tolibon” harakati siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund bilan uchrashdi.

Unda Afgʻonistonda barqaror va uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish maqsadida tinch siyosiy jarayonni ilgari surish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilingan.

Mulla Barodar Afgʻoniston muammolariga doimiy eʻtibor qaratayotgani uchun Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy minnatdorlik bildirdi. Bundan tashqari, “Tolibon” harakati rahbariyati vakili Oʻzbekistonning Afgʻonistonda transport va energetika sohalarida muhim iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha tashabbuslarini mamnuniyat bilan qoʻllab-quvvatladi.

“U, ayniqsa, Oʻzbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma loyihalari nafaqat Afgʻonistonning iqtisodiy rivojlanishiga, balki mamlakatda toʻlaqonli tinch siyosiy jarayonni boshlash uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga xizmat qilishini taʻkidladi. Shu oʻrinda Afgʻoniston kelajakda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasida «ishonch va hamkorlik koʻprigi”ga aylanishi mumkinligi bildirildi», — deyiladi TIV xabarida.

Shuningdek, Abdulaziz Kamilov 11-aprel kuni Qatar davlati amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy, Qatar bosh vaziri oʻrinbosari, tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy bilan ham uchrashdi.

Tomonlar oʻzaro siyosiy muloqotni faollashtirish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda hamkorlikni sezilarli darajada oshirish zarurligini taʻkidladi.

Qolaversa, Afgʻonistonda uzoq muddatli tinchlikka erishi va xavfsizlikni taʻminlash boʻyicha iklyuziv muzokaralarni ilgari surishning muhimligi taʻkidlandi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston delegatsiyasi Qatar savdo va sanoat vaziri Ali bin Ahmad al-Kuvariy bilan ham uchrashdi.

Qatar tomoni, avvalambor, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va oziq-ovqat xavfsizligini taʻminlash boʻyicha qoʻshma investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga, Oʻzbekistonning turizm infratuzilmasini rivojlantirishda ishtirok etishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv davomida Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha hukumatlararo qoʻshma komissiya yigʻilishiga tayyorgarlik koʻrish, ikki mamlakat ishbilarmon doiralari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni faollashtirish toʻgʻrisida kelishuvlarga erishildi.

Latest from Blog