GTA VI birinchi kunning o‘zida 3,79 mlrd dollarlik savdo bilan tarixiy rekord o‘rnatdi
Rockstar Games studiyasi va uning bosh kompaniyasi Take-Two Interactive Grand Theft Auto VI o‘yinining birinchi kundagi chakana savdosi 3,79 mlrd dollarga yetganini e’lon qildi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, bu har qanday ko‘ngilochar mahsulot uchun yangi rekord bo‘lib, GTA VI tarixdagi eng yirik ko‘ngilochar reliz bo‘ldi. Bu haqda Take-Two‘ning AQSh Qimmatli qog‘ozlar va birjalar komissiyasiga taqdim etgan hisobotida aytilgan.
Kompaniya o‘yinni bir vaqtning o‘zida eng ko‘p daromad keltirgan ko‘ngilochar mahsulot va tarixdagi eng yuqori baholangan o‘yin deb atadi. GTA VI Metacritic agregatorida 100 balldan 99 ball olgan. O‘yin 19-noyabr kuni PlayStation 5 va Xbox Series X|S konsollari uchun chiqdi.
Sensor Tower tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, chiqish kunigacha o‘yinning qariyb 19 mln nusxasi sotilgan, xaridlarning taxminan 75 foizi PlayStation versiyasiga to‘g‘ri kelgan. O‘yinning standart nashri 80 dollar, qo‘shimcha imkoniyatlarga ega “ultimate” nashri esa 100 dollar turadi.
Taqqoslash uchun, kino tarixidagi eng katta debyut — “Qasoskorlar: Final” filmining global prokatdagi ilk dam olish kunlari daromadi taxminan 1,2 mlrd dollarni tashkil etgan. Seriyaning avvalgi qismi — 2013-yilda chiqqan GTA V esa 1 mlrd dollarlik savdoga uch kunda erishgan edi.
Grand Theft Auto seriyasi 1997-yildan buyon chiqib kelmoqda va video o‘yinlar tarixidagi eng muvaffaqiyatli franshizalardan biri hisoblanadi. Mutaxassislarning fikricha, GTA VI’ning muvaffaqiyati video o‘yinlar sanoati bugungi kunda kino va musiqa industriyasi bilan raqobatlasha oladigan darajaga yetganini yana bir bor ko‘rsatdi.
