Xalqaro “Emmi” mukofoti: fransuzcha “Karem” eng yaxshi drama serial deb topildi
Nyu-Yorkda 23-noyabr kuni 54-Xalqaro “Emmi” (International Emmy Awards) televizion mukofotlari topshirildi. Eng yaxshi drama serial nominatsiyasida Fransiyaning “Karem” (Carême) seriali g‘olib bo‘ldi, eng yaxshi komediya serial deb esa Argentinaning “Palermo bo‘linmasi” (División Palermo) e’tirof etildi, deb xabar beradi Deadline.
Marosim Manhettendagi New York Hilton Midtown mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi, uni aktyor va prodyuser Maykl Uri olib bordi. G‘oliblar 16 ta toifada aniqlandi. Ularga 22 mamlakatdan 64 nafar nominant da’vogarlik qildi. Eng ko‘p mukofotni — to‘qqiz haykalchani Buyuk Britaniya qo‘lga kiritdi, britaniyalik loyihalar bolalar uchun ko‘rsatuvlar toifalarida ham peshqadam bo‘ldi.
Apple TV platformasi uchun suratga olingan “Karem” — mashhur fransuz oshpazi haqidagi tarixiy drama. Serial ushbu nominatsiyada britaniyalik ssenariynavis Stiven Naytning “Ming zarba” (A Thousand Blows), Argentinaning “Menem” hamda Hindistonning “Real Kashmir Football Club” seriallarini ortda qoldirdi.
Eng yaxshi erkak roli uchun mukofot “Kechirilmas” (Unforgivable) filmidagi roli uchun britaniyalik Bobbi Skofildga, eng yaxshi ayol roli uchun mukofot esa “Holy Sh!t” serialidagi ijrosi uchun belgiyalik Mona Mina Leonga topshirildi. Netflix striming xizmati to‘qqizta nominatsiyaga ega bo‘lgan bo‘lsa-da, uning g‘olib loyihalari orasida faqat argentinalik “Palermo bo‘linmasi” bo‘ldi.
Xalqaro “Emmi” mukofoti Xalqaro televideniye san’ati va fanlari akademiyasi tomonidan har yili AQShdan tashqarida ishlab chiqarilgan eng yaxshi teleko‘rsatuv va seriallarga beriladi. Mukofot dunyoning turli mamlakatlaridagi televideniye ijodkorlari uchun eng nufuzli e’tiroflardan biri hisoblanadi.
