Xitoyning “Shenchjou-24” kemasi ilk xorijiy kosmonavt bilan orbitaga uchdi
Xitoyning “Shenchjou-24” boshqariladigan kosmik kemasi 25-noyabr kuni Pekin vaqti bilan soat 08:18 da (Toshkent vaqti bilan 05:18 da) Jiuquan kosmodromidan “Chanjen-2F” raketasida muvaffaqiyatli uchirildi. Ekipaj tarkibida Pokiston fuqarosi ham bor, u Xitoyning “Tyangun” orbital stansiyasiga chiqqan birinchi xorijiy kosmonavt bo‘ladi, deb xabar beradi The Japan Times.
Ekipaj komandiri — Tan Xunbo, bortmuhandis — U I. Ularga 40 yoshli pokistonlik uchuvchi Muhammad Zeeshan Ali hamroh bo‘lmoqda. U foydali yuk bo‘yicha mutaxassis sifatida ishlaydi va stansiyada 5 kundan 10 kungacha bo‘lib, ilmiy tajribalar o‘tkazadi. Shu tariqa Zeeshan Ali orbitaga chiqqan birinchi pokistonlik bo‘ldi.
Xitoy davlat televideniyesi CCTV jonli efirida uchirilishdan bir necha daqiqa o‘tib ekipaj a’zolarining qo‘llanmani varaqlayotgani ko‘rsatildi. Telekanal ma’lumotiga ko‘ra, kosmonavtlarning ahvoli yaxshi. Kemaning shu kunning o‘zida stansiyaga ulanishi rejalashtirilgan.
Pokistonning Kosmik va yuqori atmosfera tadqiqotlari komissiyasi (SUPARCO) Xitoy bilan hamkorlik doirasida ikki nomzodni — Muhammad Zeeshan Ali va Xurram Dovudni tayyorlagan edi. Xitoy “Tyangun” stansiyasini xalqaro hamkorlik markazi sifatida ilgari surmoqda. Bu esa AQSh boshchiligidagi Xalqaro kosmik stansiya 2030-yilga qadar foydalanishdan chiqarilishi mumkin bo‘lgan bir paytga to‘g‘ri kelmoqda.
Hozirda stansiyada “Shenchjou-23” ekipaji — Chju Yanchju, Chjan Chjiyuan va Lay Kayin ishlamoqda, ularning Yerga qaytishi 30-noyabrga rejalashtirilgan. “Tyangun” stansiyasi 2022-yildan buyon doimiy ravishda ekipaj bilan faoliyat yuritib kelmoqda. Xitoy kosmik dasturi so‘nggi yillarda Oyni o‘rganish va boshqariladigan parvozlar sohasida jadal rivojlanmoqda.
