Rockstar Games 13 yillik tanaffusdan so‘ng GTA VI o‘yinini chiqardi
Rockstar Games studiyasi 19-noyabr kuni Grand Theft Auto VI o‘yinini rasmiy ravishda chiqardi. Seriyaning avvalgi qismi — GTA V chiqqanidan beri 13 yil o‘tdi. O‘yin PlayStation 5 va Xbox Series X|S konsollari uchun mavjud.
O‘yinga kirish dunyo bo‘ylab har bir vaqt mintaqasida yarim tun kirib kelishi bilan ochildi. GTA VI’ni birinchilardan bo‘lib Yangi Zelandiya foydalanuvchilari o‘ynay boshladi — u yerda yarim tun Grinvich vaqti bilan soat 11:00 da, Toshkent vaqti bilan esa 16:00 da kirib kelgan edi. Keyin navbat bilan boshqa mintaqalarda ham o‘yin ishga tushirildi.
Tanqidchilar o‘yinni yuqori baholamoqda. Metacritic agregatoridagi o‘rtacha ball qariyb 150 ta sharh asosida 100 balldan 99 ballni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich GTA VI’ni so‘nggi yillardagi eng yuqori baholangan o‘yinlardan biriga aylantirdi.
Franshizaning oltinchi qismi voqealari Vays Siti — Mayamining to‘qima versiyasi hamda AQShning Florida shtatining o‘yindagi muqobili bo‘lgan Leonida shtatining boshqa hududlarida sodir bo‘ladi. O‘yinning bosh qahramonlari — Lusiya Kaminos va Jeyson Dyuval.
Grand Theft Auto seriyasi 1997-yilda debyut qilgan va tarixdagi eng ko‘p sotilgan o‘yinlar seriyalaridan biriga aylangan. Butun dunyo bo‘ylab seriya o‘yinlarining umumiy adadi 470 million nusxadan oshgan. 2013-yilda chiqqan GTA V relizdan keyingi dastlabki uch kun ichida sotuvlardan 1 milliard dollardan ortiq daromad keltirgan edi. Rockstar Games GTA VI’ni ilk bor 2023-yil dekabrida birinchi treyler orqali taqdim etgan edi — o‘shanda treyler YouTube’da bir sutka ichida 90 milliondan ortiq marta ko‘rilib, rekord o‘rnatgan. O‘yinning chiqish sanasi keyinchalik bir necha bor ko‘chirilgan. Mutaxassislar yangi qism ham video o‘yinlar industriyasida yangi rekordlar o‘rnatishini kutmoqda.
