Madaniyat

Kembrij lug‘ati “human” — “insoniy” so‘zini 2026-yil so‘zi deb e’lon qildi

Kembrij lug‘ati “human” — “insoniy” so‘zini 2026-yil so‘zi deb e’lon qildi
© Foto: Colin Smith / Wikimedia Commons, CC BY-SA 2.0

Ingliz tilining Kembrij lug‘ati (Cambridge Dictionary) “human” — “insoniy” sifatini 2026-yil so‘zi deb tanladi. Bu haqda lug‘atning rasmiy blogida xabar berildi. Lug‘at ushbu so‘zni “hayvonlar, mashinalar yoki ilohlardan farqli ravishda odamlarga tegishli bo‘lgan” deya ta’riflaydi.

Lug‘at tuzuvchilarining tushuntirishicha, tarix davomida “human” sifati odamlarni hayvonlar va ilohlarga, so‘nggi paytlarda esa mashinalarga qarama-qarshi qo‘yish uchun ishlatilgan. Endilikda u “human-written” (inson tomonidan yozilgan), “human-made” (inson tomonidan yaratilgan) kabi birikmalar tarkibida tobora ko‘p uchramoqda va biror narsa sun’iy intellekt emas, aynan odamlar tomonidan yaratilganini bildirmoqda.

“Ehtimol, bu o‘zgarish sun’iy intellektning hamma joyda keng tarqalishini aks ettiruvchi tilning tabiiy rivojlanishidir, biroq u yanada qiziqarliroq narsadan — sun’iy intellektga munosabatimizdagi burilish nuqtasidan ham dalolat berishi mumkin”, — deyiladi lug‘at bayonotida.

Lug‘at bosh muharriri Kolin Makintoshning so‘zlariga ko‘ra, til ma’lumotlari, internet tendensiyalari va qidiruv so‘rovlari tahlili 2026-yil iste’mol qilinayotgan mahsulotlarda inson omilining qadr-qimmatini qayta anglash yili bo‘lganini ko‘rsatdi. “Sun’iy intellekt bir necha yildan beri hayotimizning tobora sezilarli qismiga aylanib bormoqda, ammo bu yil u go‘yoki hamma joyda bordek tuyildi. Ko‘plab sohalarda bu bizni inson bo‘lish nimani anglatishi haqida qayta o‘ylashga majbur qildi”, — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda Kembrij lug‘ati “parasocial” (parasotsial) so‘zini yil so‘zi deb tanlagan edi. Bu atama odamlarning mashhur shaxs, kitob yoki film qahramoni yoxud chat-bot bilan his qiladigan bir tomonlama emotsional aloqasini anglatadi. Yetakchi ingliz tili lug‘atlari har yil oxirida jamiyat kayfiyatini eng yaxshi aks ettirgan so‘zni tanlab, “Yil so‘zi”ni e’lon qilib boradi. Bu tanlovlar til hayotdagi o‘zgarishlarga qanchalik tez moslashishini yaqqol ko‘rsatib beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Mavzuga oid

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim yangiliklari — har oy pochtangizda.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling
Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling