Markaziy bank: muomaladagi barcha banknot va tangalar o‘z qiymatini saqlab qoladi, pullarni almashtirish shart emas
O‘zbekiston Markaziy banki banklar tomonidan naqd pul muomalasiga doir ishlarni tashkil etish bo‘yicha yangi yo‘riqnomani tasdiqladi. Hujjat 17-noyabr kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.
Yo‘riqnomaga ko‘ra, pul belgilaridagi yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida bo‘lishi kerak. Markaziy bank hujjatning kuchga kirish sanasi 2027-yil 19-fevral ekanini, bu yangi banknot va tangalar muomalaga chiqariladigan sana emasligini alohida tushuntirdi.
Regulyator ma’lumotiga ko‘ra, muomaladagi barcha banknot va tangalar o‘z qiymatini saqlab qoladi. Kelajakda yangi pul belgilari chiqarilgan taqdirda ham amaldagi pullardan do‘konlar, bozorlar va boshqa joylarda avvalgidek bemalol foydalanish mumkin bo‘ladi. Fuqarolar mavjud pullarni almashtirish uchun banklarga murojaat qilishi shart emas.
Markaziy bank yangi pul belgilari haqida ular muomalaga kiritilishidan kamida bir hafta oldin rasmiy axborot berishini va ularning tavsifini e’lon qilishini ma’lum qildi.
Yangi yo‘riqnomada pul belgilarining dizayniga qo‘yiladigan talablar ham belgilangan: unda O‘zbekistonning milliy, tarixiy va madaniy xususiyatlari aks etishi kerak. Bu milliy valyutaning o‘ziga xosligini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
