Layfxak

Soliq qo‘mitasi keshbek va’da qiluvchi 50 ga yaqin soxta Telegram kanal va botni aniqladi: o‘zingizni qanday himoya qilish mumkin?

Smartfondagi Telegram ilovasi
© Foto: Yuri Samoilov / Wikimedia Commons, CC BY 2.0

Soliq qo‘mitasi Telegram messenjerida qo‘mita nomidan ochilgan va firibgarlar boshqarayotgan 50 ga yaqin yopiq va ochiq guruh, kanal hamda botni aniqladi. Bu haqda idora matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, bu soxta resurslar orqali keshbek cheklarini sotish, pul evaziga ijara shartnomalarini rasmiylashtirishga undash hamda “keshbek orqali pul ishlang” kabi referal aksiyalar tashkil etilmoqda. Firibgarlar, shuningdek, qo‘mita nomidan turli xabarlar va zararli ilovalarni tarqatmoqda. Aniqlangan holatlar yuzasidan Telegram’ning texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatiga rasmiy murojaat yuborildi.

Firibgarlarga aldanib qolmaslik uchun bir nechta oddiy qoidaga amal qilish kifoya. Soliq qo‘mitasi va keshbek haqidagi ma’lumotlarni faqat idoraning rasmiy sayti va rasmiy kanallaridan oling. Keshbek uchun hech qachon pul to‘lash, chek sotib olish yoki “ro‘yxatdan o‘tish badali” talab qilinmaydi.

Notanish kanal va botlardagi havolalarni ochmang, ulardan kelgan ilovalarni (ayniqsa APK fayllarni) telefoningizga o‘rnatmang, bank kartasi ma’lumotlari va SMS-kodlarni hech kimga bermang. Shubhali kanal yoki botga duch kelsangiz, bu haqda Soliq qo‘mitasining @soliquz_report_bot manziliga xabar bering.

Keshbek tizimi fuqarolar orasida tobora ommalashib bormoqda. Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yilda iste’molchilarga ro‘yxatdan o‘tgan 1,6 mlrd chek uchun 1,5 trln so‘mdan ortiq keshbek to‘lab berilgan. Eng ko‘p mablag‘ Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisiga to‘langan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Mavzuga oid

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim yangiliklari — har oy pochtangizda.

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling
Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling