O‘zbekiston Avstraliya mehnat bozoriga mutaxassislar yuborish bo‘yicha muzokaralar boshladi

22.11.2026, 15:00 · 18 marta o‘qilgan
Avstraliyaning Darvin shahri
Foto: Dietmar Rabich / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

20-noyabr kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi O‘zbekistonning Singapurdagi elchixonasi ko‘magida Avstraliyaning Shimoliy hududi vakillari bilan videokonferensaloqa shaklida muzokaralar o‘tkazdi, deb xabar berildi.

Tashqi ishlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, bu muloqot Avstraliya mehnat bozoriga chiqish bo‘yicha boshlangan ilk amaliy muzokaralar hisoblanadi. Uchrashuvda Avstraliyaning malakali mutaxassislarga, xususan, neft va gaz sohasidagi ehtiyojini o‘rganish, O‘zbekiston fuqarolarini uyushgan va qonuniy tartibda ishga jalb etish mexanizmlarini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, nomzodlarni xalqaro talablar asosida kasbiy va til jihatidan tayyorlash masalasi muhokama qilindi. Migratsiya agentligi hamda Kasbiy ta’lim agentligi vakillari Avstraliya tomoniga O‘zbekistonning kadrlar salohiyati haqida ma’lumot berdi.

Tomonlar ikki davlat fuqarolarining huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaliy mexanizmlarni ishlab chiqish maqsadida ilk bor konsullik maslahatlashuvlarini o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqishga kelishib oldi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, bu qadam O‘zbekiston mehnat migratsiyasi geografiyasini yangi qit’aga kengaytirish va fuqarolar uchun yuqori daromadli ish o‘rinlari yaratishga qaratilgan. Avstraliyaning Shimoliy hududi neft-gaz va tog‘-kon sanoati rivojlangan mintaqa bo‘lib, poytaxti Darvin shahri hisoblanadi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘lingEng so‘nggi yangiliklar @uzinterfax kanalida
Obuna bo‘lish

Fikr qoldiring

Your email address will not be published.

So‘nggi yangiliklar

Yangiliklar Telegramda: @uzinterfax — obuna bo‘ling