22-noyabr kuni tungi soat 00:28 da Qarshi shahridagi Batosh mahallasida joylashgan ko‘p qavatli turar joy binosining ikkinchi qavatidagi xonadonlardan birida gaz-havo aralashmasi portladi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro kuyish tan jarohatlari bilan shifoxonaga murojaat qilgan. Portlash ortidan yuzaga kelgan yong‘in voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar tomonidan qisqa vaqt ichida o‘chirildi.
Ayni paytda mas’ul idoralar tomonidan hodisaning kelib chiqish sabablari va holatlarini aniqlash yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Jarohatlanganlarning ahvoli haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.
Kuz-qish mavsumida gazdan foydalanish ko‘payishi bilan bunday hodisalar xavfi ham ortadi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi aholini gaz jihozlaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirib keladi: gaz plitasi va isitgichlarni nazoratsiz qoldirmaslik, xonani muntazam shamollatish, gaz quvurlari va jihozlarning sozligini mutaxassislar orqali tekshirtirib turish lozim.
Xonadonda gaz hidi sezilsa, chiroqni yoqmaslik, elektr jihozlarini ishlatmaslik va olov yoqmaslik, darhol deraza va eshiklarni ochib, binodan chiqish hamda 104 raqami orqali gaz avariya xizmatiga yoki 101 raqami orqali qutqaruvchilarga xabar berish kerak.
