Samarqand shahrida Islom Karimov haykali ochildi

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning barhayot siymosi yod etilib, xotira tadbirlari o‘tkazilmoqda. 2017-yil 31-avgust kuni poytaxtimizda Birinchi Prezidentimizning ulug‘vor haykali ochilgan edi. Shunday marosim 2-sentabr kuni Samarqand shahrida bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA’ga tayanib «O‘zbekiston24» xabar qildi.

Foto: UzNews

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu tadbirda ishtirok etish uchun Samarqandga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari dastlab Islom Karimov qabrini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.

Samarqand ramzi bo‘lgan Registon maydoni yonidagi xiyobonda, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadon yaqinida Birinchi Prezidentga haykal o‘rnatilgan. Bu yerga hukumat a’zolari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, viloyat faollari, nuroniylar, yoshlar jam bo‘ldi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Islom Karimov mamlakat mustaqilligi va yangi davlatchiligining asoschisi, buyuk siyosatchi, dono islohotchi, tinchlikparvar va xalqparvar davlat rahbari sifatida o‘zbek xalqi orasida, butun dunyoda katta hurmat qozongan edi.

Birinchi Prezidentga xos bo‘lgan bukilmas iroda, vatanparvarlik, insoniylik, mardlik va adolatparvarlik, samimiylik va mehribonlik kabi olijanob fazilatlar barcha uchun yorqin ibrat namunasi bo‘lib qoldi.

Shavkat Mirziyoyev va Tatyana Karimova Islom Karimov haykalini ochdi. Buyuk Yo‘lboshchimiz haykali poyiga gul qo‘yib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 25 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Islom Karimov siymosini yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovda g‘olib deb topilgan haykallarni mamlakatimiz poytaxti Toshkent shahrida, Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida va u kishi birinchi rahbar bo‘lib ishlagan Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida o‘rnatish belgilangan edi.

Samarqand shahrida ochilgan haykal elu yurtimizning Islom Karimovga yuksak hurmati va mehr-muhabbatining yana bir ifodasi bo‘ldi.

Marosimda “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyati bo‘limi raisi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Hasan Normurodov, “Zarafshon” va “Samarqandskiy vestnik” gazetalari bosh muharriri Farmon Toshev, Samarqand shahridagi 43-ixtisoslashgan maktab direktori Elena Kompolьshik, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabasi, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori Durdona Olimova, Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatьyana Karimova Islom Karimov bilan bog‘liq xotiralarini yodga oldi. U kishining turli sinov va qiyinchiliklarni mardonavor engib o‘tgani, mamlakatimizni har tomonlama rivojlantirgani, xalqimizni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylaganini ta’kidladi.

Birinchi Prezidentimiz haykali poyi gullarga burkandi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan xonadonga ham tashrif buyurdi. Qur’on tilovat qilinib, elga ehson dasturxoni yozildi.

Latest from Blog