Foto: Xalq banki

440 ming, yaqinlashayotgan «qora kunlar», ochiq qolayotgan minimal iste’mol xarajaatlari — kambag’allikka qarshi kurashni boshlagan O’zbekiston

Oʻzbekistonda 2020-yilga qadar kambagʻallar boʻlgan, biroq kambagʻallik “yoʻq edi”. Aniqrogʻi hukumat bu atamani ham, mamlakatda kambagʻallik darajasi yuqoriligini ham mutlaqo tan olmas edi. Faqat 2020-yilga kelibgina, Oʻzbekiston rahbari rasmiy minbardan turib mamlakatdagi kambagʻallik darajasi va unga qarshi kurashish haqida gapirdi, toʻgʻrirogʻi Oʻzbekiston mamlakatda kambagʻallar soni yuqorigini tan oldi va muammoga qarshi kurashish boshlangani maʼlum qilindi. Xoʻsh, oʻtgan vaqt ichida bu borada nimalar qilindi, kambagʻallikka qarshi qanday kurashilyapti? Maqolada ayni shu masalalar haqida soʻz boradi.

Kambagʻallik nima?

Kambagʻallik tushunchasiga yagona, universal taʼrif mavjud emas. Koʻpchilik davlatlarda u qatʼiy oʻlchovlar bilan oʻlchanadi, shuningdek bu borada ham xalqaro standartlar mavjud.

Umuman olganda, kambagʻallik – farovonlikning sezilarli pasayishi. Kambagʻallar – yashash uchun zarur boʻlgan birlamchi ehtiyojlarini qondirishga imkoniyati mavjud boʻlmagan aholi vakillari.

Dunyoda kuniga 1,90 dollardan kam miqdordagi mablagʻga kun kechirayotganlar kambagʻal deya ataladi. BMT esa 1800 kkaldan past oziq-ovqat isteʼmol qilayotgan odamlarni kambagʻal deb hisoblaydi. Tashkilot maʼlumotlariga koʻra, yer yuzida 700 mln.dan ortiq odam qashshoqlikda kun kechiradi. Kambagʻallikning yuqori darajasi asosan turli nizolar mavjud boʻlgan, notinch mamlakatlar hissasiga toʻgʻri keladi.

Har yettinchi oʻzbekistonlik kambagʻal

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020-yil Oliy Majlisga murojaatida mamlakatda kambagʻallik koʻrsatkichi yuqoriligini ilk bor, rasmiy minbarda tan oldi.

Bu vaqtgacha Oʻzbekistonda kambagʻallik koʻrsatkichlari faqat xalqaro hisobotlarda keltirilar, mamlakat ichida bu masala aytilmas edi. Kambagʻal, qashshoq atamalari umuman qoʻllanilmagan, bu toifa umumiy qilib ijtimoiy himoyaga muhtoj deya atalar edi. Lekin qanday oʻlchovlarga koʻra ijtimoiy himoyaga muhtojlikning aniqlanishi boʻyicha aniq mezonlar belgilanmagan.

Prezident Mirziyoyev murojaatida aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik mavjudligini birinchi marta tan olib, uni qisqartirish boʻyicha keng qamrovli ishlar boshlanganini, yaʼni hududlarda ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash boʻyicha yangi – “Temir daftar” tizimi joriy etilganini maʼlum qildi.

Davlat rahbari Oʻzbekistonda 4-5 million (10-15foiz) kambagʻal borligini aytdi. Bu kambagʻallik muammosi aholi soni 35 million boʻlgan Oʻzbekiston uchun jiddiy masala ekanligini koʻrsatadi. Aniqroq aytganda deyarli har yettinchi oʻzbekistonlik kambagʻallikda kun kechiradi.

Bir kishi uchun 440 ming soʻm

Oʻzbekistonda 2020-yil kambagʻallikka qarshi kurashish uchun maxsus vazirlik tuzildi va unga qator vazifalar yuklatildi. Tuzilganiga 1,5 yildan oshgan mazkur vazirlikka Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi deb nom berildi. Unga Jamshid Qoʻchqorov rahbarlik qilib kelmoqda. U Bosh vazirning moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari ham hisoblanadi.

Asosiy vazifasi kambagʻallikka qarshi kurashish boʻlgan vazirlik ochilganiga 1,5 yildan ortiq vaqt oʻtdi. Ayni vaqtda 2 mingdan ziyod boshqaruv xodimlari ishlayotgan ushbu yirik tuzilma kimlarni kambagʻal deb hisoblash lozimligi haqida aniq toʻxtamga kela olganicha yoʻq.

interfax.uz

Vazirlik Oʻzbekistonda 5400 ta oila oʻrtasida soʻrov oʻtkazdi va u asosida eng kamxarj oilalarni aniqladi.

Shundan soʻng Oʻzbekistonda bir kishi uchun bir oylik isteʼmol xarajatlarini 440000 soʻm etib belgilangani maʼlum qilindi. Isteʼmol xarajatlarini hisoblab chiqishda jon boshiga 2200 kkal miqdoridagi kunlik oziq-ovqat mahsulotlari, nooziq-ovqat tovarlar va xizmatlar eʼtiborga olingan.

Butun dunyoda minimal isteʼmol xarajatlaridan kambagʻallik chegarasini belgilashda foydalaniladigan mezonlardan biri. Qisqa qilib aytganda, Oʻzbekistonda kishi boshiga oyiga 440000 soʻmdan kam daromad topadigan oila kambagʻal hisoblanadi.

Misol uchun, oilada besh kishi istiqomat qilsa va oilaning oylik daromadi 2,2 million soʻm boʻlsa bu oila kambagʻal deb qaralishi kerak. Biroq, 2021-yil oxirlayapti hamki, minimal isteʼmol xarajatlarini hisoblash yakuniga yetkazilmadi. Davlat statistika qoʻmitasi tomonidan Jahon banki bilan birga 10 mingta uy xoʻjaliklarida soʻrovnoma oʻtkazilmoqda. Soʻrovnomalar natijasidan kelib chiqib, 2021-yil yakunigacha minimal isteʼmol xarajatlarni hisoblash metodologiyasini tasdiqlash va uni qayta hisoblangan miqdorini eʼlon qilish maʼlum qilingan.

“Davlat bizga emas, biz davlatga «yordam» qilishimiz kerakka oʻxshaydi»…

Oʻzbekistonda moddiy yordam va koʻmakka muhtoj oilalar boʻyicha mutlaqo yangi — “Temir daftar”, ijtimoiy, ehtiyojmand xotin-qizlar va yoshlar boʻyicha “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” tizimlari hayotga tatbiq etildi. Bu uchala daftarlar bilan alohida-alohida vazirlik va tashkilotlar shugʻullanadi.

  • “Temir daftar”ning yuritilishi boʻyicha Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi;
  • “Ayollar daftari” yuritilishi boʻyicha Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi;
  • “Yoshlar daftari” yuritilishi boʻyicha Yoshlar ishlari agentligi masʼul hisoblanadi.

Oʻzbekiston 2021-yilda 300 ming aholini kambagʻallikdan chiqarishni reja qilgan. Masalaning eng muhim jihati ham shu yerda. Ehtiyojmandlar kiritilgan daftarlarga kiritilganlar qaysi mezonlar asosida kambagʻallikdan chiqariladi. Bir soʻz bilan aytganda kambagʻal qanday qilib oʻrtaholga aylanadi?

interfax.uz

Albatta, davlat tomonidan turli shakldagi imtiyozlar, subsidiyalar, past foizli kreditlar ajratilmoqda. Biroq ularni joylarda adolatli taqsimlash, ularni oʻz egalariga yetkazish korrupsiya va nepotizm darajasi yuqori boʻlgan Oʻzbekiston sharoitida murakkab masala.

“Men «Ayollar daftari»ga, oʻgʻlim esa “Yoshlar daftari”ga kiritilganmiz», – deydi qashqadaryolik ayol Gavhar Hayitova. “Baʼzilar «Ayollar daftari»dagilarga pul, moddiy yordam, yana qandaydir imtiyozlar beradi, deyishadi. Lekin bu gaplar xato.

Mahalladan shu daftarga kiritilganlar uchun kreditga tikuv mashinasi olib berish boshlandiyu, uyimizga tinmay xotin-qizlar boʻyicha masʼul xodim qatnadi. Oxiri koʻnib 3 ta tikuv mashinasi oldim. Hozir 600 ming soʻmga yaqin kredit toʻlayman. Ishlab chiqarish ochmoqchi boʻldim. Oʻxshamadi. Tikilgan kiyimlarni oʻzimiznikilar kiydik.

Keyinchalik bilishimcha, meni “Ayollar daftari”dan chiqarib yuborishibdi. Sababi endi men pul ishlab topadigan fuqarolar sirasiga kirar ekanman. Rostini aytsam barchasi koʻzboʻyamachilik. Mahalla tadbirkor deb hujjat rasmiylashtirib ketadi. Deyarli har hafta mashinani oldida rasmga tushib tashlang deydi. Majburmiz endi aytilganini qilamiz.

Xoʻjayinim Rossiyada ishlaydi, pandemiya sabab topishi ham ancha kamaygan. Ikki nafar farzandim OTMda kontrakt asosida oʻqiydi. Yana ikkitasi hademay oʻqishga topshiradi. Ular ham qoʻshimcha darslarga borishi kerak. Shuncha xarajat kamdek endi uyda chang bosib yotgan mashinalar uchun ham pul ajratyapmiz.

Yaqinda daftardagilarning farzandlari kontraktda oʻqisa, davlat yarimini toʻlab berishi haqida eshitdik. Hammamiz quvondik, turmush oʻrtogʻim bu yil Yangi yilni oilasi bilan oʻtkazar endi deb. Afsus chuchvarani xom sanagan ekanmiz. Tikuv mashinalari sabab hamma roʻyxatdan chiqarilibmiz. Endi davlat bizga emas, biz davlatga “yordam” qilishimiz kerakka oʻxshaydi».

“Qish, qora kunlar yaqin”…

Koronavirus pandemiyasi butun dunyo iqtisodiyotiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatdi, qashshoqlar yanada qashshoqlashdi. Prognozlarga koʻra, pandemiyaning iqtisodiy-moliyaviy oqibatlari natijasida dunyoda qashshoqlik darajasi 8 foizga yoki 1,5 mlrd. odamga oshishi mumkin.

Shubhasiz, pandemiyaning ayanchli oqibatlari Oʻzbekistonni ham chetlab oʻtmadi.

Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekistonda 2021-yilning yanvar-iyun oylarida aholi jon boshiga umumiy daromadlarning oʻsishi Xorazm, Samarqand va Buxoro viloyatlarida kuzatilgan. Qolgan Toshkent shahar, Sirdaryo, Surxondaryo, Jizzax, Andijon, Qashqadaryo va Namangan kabi hududlarda aholi jon boshiga real daromadlar sezilarli darajada pasaygan.

Hukumat kambagʻallikni tugatishning asosiy yoʻllaridan biri deb aholini band qilish, yaʼni ish bilan taʼminlashni koʻrmoqda. Oʻzbekiston rahbari bu borada Xitoy tajribasini  qoʻllash eng samarali yoʻl ekanligini aytdi. Bunda bor imkoniyat aholini turli kasblarga oʻrgatish, band qilishga qaratiladi. Prezident kambagʻallikni tugatish boʻyicha alohida Xitoy tajribasi va boshqa davlatlar tajribasini oʻrganadigan institut tashkil etishni taklif qildi.

Hukumat karantin sharoitida ishsiz, daromadsiz qolgan ehtiyojmand, yordamga muhtoj oilalarning roʻyxatini “Temir daftar”ga kiritdi va oila aʼzolarini ish bilan taʼminlash orqali ularni muhtojlikdan chiqarish choralari koʻrilishini maʼlum qildi. Bir qarashda hammasi oddiy va osondek, muhtojlar daftarga kiritiladi, ish bilan taʼminlanadi va daftardan chiqariladi, qarabsizki kambagʻallik qisqarib ketaveradi. Aslidachi, haqiqatan Oʻzbekistonda kambagʻallikni qisqartirish tizimi mukammal ishlayaptimikin?! Pandemiya sharoitida ogʻir ahvolga tushib qolgan va “Temir daftar”ga kiritilgan oila bekasi, samarqandlik Nozima Pardayevaning (ayolning iltimosiga koʻra ism-familiya oʻzgartirilgan holda keltirilmoqda – tahr.) fikrlari biroz boshqacha.

«Oilada toʻrt qishimiz, turmush oʻrtogʻim ustachilik qiladi, mavsumiy ishlab pul topadi, ikkita farzandimiz bor, ikkalasi ham maktabda oʻqiydi,- deydi u. Pandemiyadan avval ham yashashimiz zoʻr edi deb aytolmayman, turmush oʻrtogʻim bahor, yoz, kuz oilarida ishlaydi, loydan gʻisht quyadi, paxsa devorlar, uylar qurilishida ishlaydi. Topgani qora qozonni qaynatishga yetardi, faqat qishda biroz qiynalamiz. Qishda loy ishi qilinmaydi, xoʻjayinim uyda oʻtirib bahorni kutadi. Oʻzim ham roʻzgʻorga yordam deb hovlimizga koʻkatlar ekaman, qoʻni-qoʻshnilarga sotib deganday…

Pandemiya tinkamizni quritdi, odamlar uydan chiqmay qoʻydi, kim ham bunaqa vaqt uyiga begona usta chaqirib ishlatadi. Xoʻjayinim ishsiz, ilojsiz qoldi. Hatto uyma-uy kirib nima ish boʻlsa ham qilishga roziligini aytib, yumush soʻrab chiqdi, topolmadi. Qora qozonimiz haftalab qaynamagan kunlar boʻldi, ilojsiz mahallaga chiqdim, biror yordam berishar deb. Sizni roʻyxatga kiritdik (“Temir daftar”ga – tahr.) deyishdi. Yashirmayman bir-ikki yoʻqlab kelishdi, 2-3 kunlik roʻzgʻorlik va ozroq pul tashlab ketishdi. Biroq qoʻldan berganga qush toʻymas degan gap bor. Virus qurgʻur ham ketaman demaydi. Bu orada xoʻjayinimni ham kasallik chetlab oʻtmadi. Dorilar, roʻzgʻorning kami-koʻsti tinkamizni quritdi. Anchagina qarzga kirdik. Hozir pandemiya ancha yumshagan, xoʻjayinim ishga tushib ketdi. Biroq yana qish yaqinligini, boʻynimizda katta qarzimiz borligini oʻylasam yuragim orqaga tortadi.

Yaqinda mahalladagilarga hovlimizga issiqxona qurishga yordam soʻradim, yordam beriladi, kuting, issiqxona qurib bersak sizni roʻyxatdan ham chiqaramiz dedi. Roziman, qishda roʻzgʻorni shu bilan tebratsam boʻldi dedim. Har kuni kutaman, qachon kelisharkan deb. Bir oyga yaqin vaqt oʻtdi, hali biror yangilik yoʻq. Buyoqda qish, qora kunlar yaqin», deydi ayol.

Oʻzbekistonda 2021-yilda 300 ming aholi kambagʻallikdan chiqarilishi kutilmoqda. Davlat dasturida belgilangan mazkur vazifa qay darajada adolatli, vijdonan bajariladi bu masalaga javob berish mushkul. Kambagʻallikka qarshi kurashiladimi yoki raqamlarga, kambagʻallar soni real hayotda tugaydimi yoki faqat qogʻozda? Bu kabi savollarga aniq javobni vaqt koʻrsatadi.

Latest from Blog