Mashhur xalqaro kompaniyada ish boshlagan oʻzbekistonlik Nodir Yusufov: balki sizni okean ortida katta yutuq kutayotgandir

Хalqaro kompaniyada ish boshlagan Nodir Yusufov: balki sizni okean ortida katta yutuq kutayotgandir

Nodirjon Yusufov

Oʻzbekistonlik yoshlardan Nodirjon Yusufov Italiyaning nufuzli «Arduino» onlayn savdo kompaniyasida ish boshladi. Saytimiz Nodirjon Yusufov bilan xalqaro kompaniyaga ishga joylashish, undagi ishlash muhiti va shu kabi yirik kompaniyalarda ish boshlashni maqsad qilgan yoshlar qanday qadam tashlashi kabi mavzularda suhbat qildi.

Oʻzingiz haqingizda qisqacha gapirsangiz. Mutaxassisligingiz, qaysi OTMlarni tugatgansiz?

Hozir 25 yoshdaman, Toshkent shahridagi Turin Politexnika universitetini 2018-yilda tamomlab, 2018-2019-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligida yetakchi mutaxassis lavozimida ishladim. Oʻz bilimlarimni yanada kengaytirish maqsadida 2019-yil oktabr oyida Italiyaning Politecnico di Torino universitetida muhandislikda boshqaruv yo’nalishida, magistratura bosqichida o’qishni boshladim. Hozirgi paytda shu bosqichda 2-kursda oʻqiyapman va Italiyaning sanoat va ta’limga mikroprotsessorlarni yetkazib beruvchi «Arduino» kompaniyasida onlayn savdo platformasi boshqaruvchisi sifatida ishlab kelmoqdaman. Aslida, bu kompaniya bilan 2019-yil fevral oyida amaliyotchi sifatida ish boshlagan edim. Yaqinda rasmiy xodim sifatida yangi kelishuvga qo‘l qo‘ydim va rasmiy ish boshladim.

Kompaniyadagi ish faoliyatingiz haqida qisqacha maʼlumot bersangiz.

Kompaniya juda ko‘p B2B va B2C operatsiyalarni amalga oshiradi. B2C dagi onlayn savdo platformalaridan biri bu – Amazon. Men ana shu platformada kompaniyaning AQSH, Kanada, Meksika, Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Shvetsiya va Gollandiyadagi bozorida onlayn savdoni boshqaraman: narxlar, kontent, raqobatbardoshlik, marketing va logistikaga oid barcha vazifalar mening bo‘ynimda.

Kompaniyada ishlash muhiti haqida nima deya olasiz? Sizga yoqdimi, qanday qiyinchiliklari bor, umuman xalqaro kompaniyada ishlashning masʼuliyati qanday?

To‘g‘risini aytsam hali biror marta ofisga borib ko‘rganim yo‘q, koronavirus sabab. Afsuski endigina amaliyotni boshlaganimda Italiyada virus keskin tus olib bo‘lgandi, shu sabab barchaga WFH – work from home, ya’ni, uydan ishlash talabi qo’yildi. Ana shu eng katta qiyinchilik bo’ldi, chunki kompaniyada organik jarayonlarni his qilmasdan turib u yerda ishlash insondan katta kuch talab qiladi. Lekin jamoadoshlarim meni doim qo’llab-quvvatlab turishdi. Ayniqsa, supervayzorim Kamilla Ravina doim tushunmagan narsalarimni o‘rganishda mendan o‘zining samimiy yordamini ayamadi. Muhit juda ham yaxshi, chunki kompaniya yosh, o‘sib kelayapti va deyarli barcha hamkasblarim ham yoshlar, ular bilan hattoki onlayn uchrashuvlar qilishning o‘zi o‘zgacha zavqli jarayon.

Sir boʻlmasa, oylik maoshi qancha, bunday kompaniyada ishlashni xohlagan boshqa yoshlar uchun shunchaki maʼlumot sifatida.

Italiyaning shimolida o‘rtacha birinchi ish haqi 1200-1300 yevro atrofida, oyiga va 3-4 oy o‘tgach albatta bu summa yana ko’tariladi. Men hozir part-time (yarim stavka) ishlayotganim uchun oyiga shu summaning yarmini olaman.

“Arduino”da boshqa oʻzbek yoshlari ham bormi?

Yo’q, “Arduino”da boshqa o‘zbeklar, afsuski yo’q. Lekin bizning bo‘limda (store team) rossiyalik hamkasbim bor. U bilan doim rus tilida muloqot qilamiz. Lekin “Arduino” o’zbekistonlik yoshlar, ayniqsa, robototexniklar orasida juda mashhur.

Keyingi maqsadlaringiz?

Eng avvalo, magistraturani bitirish va “Arduino”da o’chmas nom qoldirish. Bitirib katta ehtimol bilan O‘zbekistonga qaytsam kerak, har holda, oila a’zolarim u yerda. Lekin oldindan bir narsa deyish juda qiyin. 1 yil oldin menga “Arduino”ning Amazon platformasidagi vakili sifatida 1 yildan keyin ish boshlaysan deyishsa, ishonmagan boʻlardim.

“Arduino” kabi nufuzli kompaniyalarda ishlashni xohlagan yoshlarga qanday tavsiya va maslahatlar berasiz? Ular bu yoʻlda nima qilishlari kerak?

Birinchi navbatda, o‘ziga ko‘proq investitsiya qilishi kerak: til o‘rganish, qo‘shimcha malaka va ko‘nikmalarni rivojlantirish, kompyuterga aloqador bo‘lgan sohalarni chuqur o‘rganish, o‘z ustida ishlash va albatta, o’zining bor potensialini ko’rsatib bera olish san’atini puxta egallash. Doim izlanishda bo’lish kerak. Balki sizni okean ortida katta bir yutuq kutayotgandir, yoki o‘z yashab turgan joyingizda muvaffaqiyatli bo‘lib ketarsiz. Hech qachon birinchi qadamni tashlashdan qo‘rqmaslik kerak.

Latest from Blog

Microsoft Xitoyda LinkedInni yopadi

Microsoft kompaniyasi LinkedInʼning Xitoy foydalanuvchilari uchun 2014-yilda ishga tushirilgan mahalliy versiyasini yopayotganini eʼlon qildi. Kompaniya olimlar