26-avgustdan yangi ko‘rinishdagi 5000 so‘m va 10 000 so‘mlik banknotlar chiqariladi

Mazkur banknotlar mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yo‘li” hamda mamlakatimiz hududidagi qadimiy Samarqand va Toshkent shaharlari tarixiga bag‘ishlangan.

5000 so‘mlik banknotning o‘lchami 142 x 69 mm. Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “5000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan. Banknotning o‘ng tarafida qog‘oz qatlamida kengligi 2 mm. bo‘lgan “UZB” yozuvi tushirilgan turli ranglarda tovlanuvchan metallashgan va mashinada o‘qiladigan himoya ipi o‘tkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – yashil va jigarranglardan iborat. Banknot old tomoni chap qismida 1619-1635-yillarda qurilgan Samarqand shahridagi “SHERDOR MADRASASI” tasvirlangan. Yuqori qismining chap tarafida o‘zgaruvchan rangli OVI bo‘yog‘ida bosilgan “5000” raqami joylashtirilgan bo‘lib, ma’lum qiyalik burchagi ko‘rinishi ostida qirmizi rangdan yashil rangga o‘zgaradi.

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi turli diametrdagi halqalar joylashtirilgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi. “Xonatlas” fonida tushirilgan O‘zbekiston xaritasi chizmasida ko‘k chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li”ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

003 UZS

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi VIII-V asrlarga tegishli bo‘lgan “AFROSIYOB ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

10 000 so‘mlik banknotning o‘lchami 147 x 69 mm. Banknotning o‘ng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yo‘li”ning ramzi sifatida tuya va “10000” raqami ko‘rinishida suv belgilari joylashgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari – ko‘k, binafsha va pushti ranglardan iborat. Banknot old tomoni chap qismida 1551-1575-yillarda qurilgan Toshkent shahridagi “KO‘KALDOSH MADRASASI” me’moriy yodgorligi tasvirlangan.

004 UZS

Banknot o‘ng qismidagi och fonda nusxa ko‘chirishga qarshi har xil diametrdagi halqalar joylashtirilgan bo‘lib, nusxa ko‘chirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yo‘qoladi. Yuqori qismidagi O‘zbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yo‘li”ning karvon yo‘llari yo‘nalishi ko‘rsatilgan.

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi I asrga tegishli bo‘lgan Toshkent shahri hududidagi eng qadimiy yodgorlik – “SHOSHTEPA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

005 UZS

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki shuni alohida qayd etishicha:

muomalaga chiqarilayotgan yangi ko‘rinishdagi qiymati 5000 so‘m va 10 000 so‘m bo‘lgan pul belgilari bugungi kunda muomalada bo‘lgan 2013 yil namunasidagi 5000 so‘mlik va 2017 yil namunasidagi 10 000 so‘mlik banknotlar bilan bir qatorda (parallel ravishda) muomalada bo‘ladi;

ya’ni, 2013 yil va 2017 yil namunasidagi 5000 so‘mlik va 10 000 so‘mlik banknotlar ham to‘lov qobiliyatini yo‘qotmaydi;

shuningdek, yangi ko‘rinishdagi pul belgilari ayni paytda muomalada bo‘lgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xo‘jalik yurituvchi sub’yektlar va aholi tomonidan o‘z qiymati bo‘yicha barcha turdagi to‘lovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.

Latest from Blog