2,5 mingdan ziyod oila Sergeli tumanida barpo etilayotgan yangi uylarga ko‘chib o‘tadi

1


Toshkent shahrining Sergeli tumanida 66 ko‘p qavatli uy foydalanishga topshiriladi. Zamonaviy shaharsozlik talablari asosida bunyod etilayotgan mazkur uylar 2 ming 500 dan ziyod oilaning turar joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish imkonini yaratadi. Uylar oilalarga imtiyozli ipoteka krediti orqali beriladi.

2017-2020-yillarda shaharlarda 945 ko‘p xonadonli uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. 2017-yilda 191 ko‘p xonadonli uy qurilishi belgilangan bo‘lib, shu kunlarda ularni qurish ishlari jadal amalga oshirilmoqda. Shundan 102 tasi Toshkent shahrida bunyod etilmoqda.

Sergeli tumanidagi qurilish ishlari uchta maydonda olib borilmoqda. Birinchi maydondagi 66 ta yetti qavatli uyning kalitlari xonadon egalariga O‘zbekiston mustaqilligining 26 yilligi bayrami arafasida topshirilishi ko‘zda tutilayotgan bo‘lsa, boshqa maydonlardagi 36 ta ko‘p qavatli uyni qurish ishlari ham boshlab yuborilgan.

Mazkur uylar qurib bitkazilishi bilan 4 mingdan ziyod oila o‘z shaxsiy xonadoniga ega bo‘ladi. Ko‘p xonadonli uylar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan qurilish materiallari asosida barpo etilmoqda. Shuningdek, maktablar, bolalar bog‘chalari, dam olish joylari, poliklinikalar, bolalar maydonchalari, avtomobil turar joylari, chiqindi yig‘ish punktlari qurilishi rejalashtirilgan.

Latest from Blog