2019-yil 1-yanvardan xorijga chiqish pasportlari joriy etiladi

2019-yil 1-yanvardan O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun biometrik pasportlar joriy etiladi. Chet elga borish ruxsatnomasini rasmiylashtirish tartibi ham ushbu sanadan boshlab bekor qilinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-avgustda tegishli farmonni imzoladi.

Belgilanishicha, amalda qo‘llanilayotgan 2011-yil namunasidagi biometrik pasport fuqaroning shaxsi va fuqaroligini tasdiqlaydigan hujjat hisoblanadi hamda O‘zbekiston hududida foydalaniladi.

O‘zbekiston fuqarosi ushbu pasport bilan 2021-yilning 1-yanvarigacha chiqish vizasini rasmiylashtirish talab qilinmaydigan davlatlarga kirishi mumkin.

Viza rejimidagi mamlakatga kirish uchun amaldagi biometrik pasportdan undagi xorijga chiqishga ruxsat beruvchi stikerning muddati yakuniga qadar foydalanish mumkin.

Xorijga chiqish uchun biometrik pasportining davlat standarti Vazirlar Mahkamasi tomonidan joriy yilning 1-dekabrigacha tasdiqlanadi.

Latest from Blog