2017-yilning 2-choragida O‘zbekiston qaysi tashkilotlar bilan kredit bitimlari imzolagani ma’lum bo‘ldi

O‘zbekiston moliya vazirligi joriy yilning ikkinchi choragida mamlakat iqtisodiyotining real sektoriga investitsiya mablag‘lari ajratgan xalqaro moliyaviy tashkilotlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatdan to‘rt tashkilot o‘rin oldi.

Foto: brightwallpapers.com.ua

 

Moliya vazirligi saytida ta’kidlanishicha, hisobot davrida XVJ va donor mamlakatlar bilan 4 zayom kelishuvlari imzolangan bo‘lib, investitsiyalarning umumiy qiymati 413 million dollardan oshadi.

Jumladan, Jahon banki bilan “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida 42,2 million dollarlik bitim imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati — 72,95 million dollar.

Bundan tashqari, Islom taraqqiyot banki bilan “Qishloq joylarida zamonaviy uylar qurish” loyihasining ikkinchi fazasi doirasida 300 million dollarlik (loyiha summasi — 300 million dollar) hamda “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi doirasida 44,48 million dollarlik (loyiha summasi — 44,48 million dollar), Saudiya taraqqiyot fondi bilan “Kitob-Shahrisabz yer osti suvlari chiqish joylarining suv yo‘llariga tegishli bo‘lgan qishloq aholi punktlari va Koson, Muborak tuman markazlarining suv ta’minot tizimini qayta ta’mirlash” loyihasi doirasida 26,36 million dollarlik (loyiha summasi — 52,81 million dollar) kredit bitimlari imzolandi.

Latest from Blog