14-iyundan 2000 va 20 000 so‘mlik yangi kupyuralar muomalaga chiqariladi — Markaziy bank

/

14-iyundan boshlab nominal qiymati 2 000 soʻm va 20 000 soʻm boʻlgan banknot koʻrinishidagi yangi pul belgilari muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Bu haqda Markaziy bank axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, mazkur banknotlar mavzusi (tematikasi) “Buyuk Ipak yoʻli” va mamlakat hududidagi qadimiy Buxoro shahri va Qoraqalpogʻiston Respublikasi tarixiga bagʻishlangan.

Banknotlar himoyalangan qogʻozda chop etilgan.

2000 soʻmlik banknot:

Oʻlchami 142×69 mm.

Banknotning oʻng tarafidagi och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli” karvon yoʻlining ramzi sifatida tuya va “2000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan.

Foto: Markaziy bank axborot xizmati

Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 1,5 mm. boʻlgan “UZB” yozuvi mavjud metallashgan va mashinada oʻqiladigan himoya ipi oʻtkazilgan.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari — qirmizi va och yashil ranglardan iborat.

Banknot old tomoni chap qismida dastlab miloddan avvalgi I asrda qad koʻtargan, eramizning IX-X asrlarida qayta qurilgan (hozirgi qiyofasi asosan XVI asrda shakllangan) “Buxoro arki”ning koʻrinishi tasvirlangan.

Yuqori qismining chap tarafida oʻzgaruvchan rangli OVI boʻyogʻida bosilgan “2000” raqami joylashtirilgan boʻlib, maʼlum qiyalik burchagi koʻrinishi ostida tilla rangdan yashil rangga oʻzgaradi.

Banknot yuqori oʻng qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori oʻng burchagida Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi qirmizi rangda joylashgan.

Oʻng va chap tomoni chekkasida qirmizi rangda joylashgan maxsus element koʻrish qobiliyati past boʻlgan insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknotning quyi qismida naqshinkor bezak asosida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda koʻrinish xususiyatiga ega.

Quyi qismning chap tomonida banknot qiymatini aks ettiruvchi “IKKI MING SOʻM” yozuvi va “OʻZBEKISTON SOʻMI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TOʻLOVLAR UCHUN OʻZ QIYMATI BOʻYICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.

Banknot oʻng qismidagi och fonda nusxa koʻchirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashtirilgan boʻlib, nusxa koʻchirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yoʻqoladi.

“Xonatlas” fonida tushirilgan Oʻzbekiston xaritasi chizmasida koʻk chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli”ning karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan.

Yuqori chap qismida Buxoro shahrining ramzi hisoblangan “ikki oʻrkachli tuya” tasviri registr vazifasini bajargani holda “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorugʻlikka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli fon bilan qoʻshilib toʻliq tasvir hosil qiladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan boʻlib, oʻng qismida gorizontal va chap qismida vertikal koʻrinishda bosilgan.

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV-III asrlarda qadimgi karvon yoʻli oʻtgan Poykend shahrining xarobalari, yaʼni “POYKEND ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Foto: Markaziy bank axborot xizmati

Oʻng qismida Buxoro viloyati hududidagi “Varaxsha” arxeologiya yodgorliklaridan topilgan VIII asrga taalluqli devoriy ganchkor bezak tasviri hamda miloddan avvalgi III ming yillik davriga tegishli roʻzgʻor idishi — arxeologiya topilmasi aks etgan.

Yuqori chap qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.

Banknotning pastki qismi chap va oʻng burchaklarida banknot nominal qiymati “2000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori oʻng burchakda “IKKI MING SOʻM” yozuvi tushirilgan.

Pastki qismida “OʻZBEKISTON SOʻMINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TAʼQIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

20 000 soʻmlik banknot:

Oʻlchami 147×69 mm.

Banknotning oʻng tarafida och fonda qadimgi “Buyuk Ipak yoʻli”ning ramzi boʻlgan tuya va “20000” raqami koʻrinishida suv belgilari joylashgan.

Banknotning oʻng tarafida qogʻoz qatlamida kengligi 3 mm.li “dinamik” effektiga ega boʻlgan, yuqori himoyalangan, uchta toʻrtburchak yoʻl koʻrinishidagi banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan.

Yorugʻlik manbaida ip toʻliq koʻrinishga ega boʻlib, banknotning istalgan qiyalik koʻrinishida ipdagi tasvirlarda siljish effekti paydo boʻladi.

Old va orqa tomonlarining asosiy ranglari — koʻk, binafsha va jigarranglardan iborat.

Banknot old tomoni chap qismida hozirgi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida miloddan avvalgi IV asrda qurilgan, XX asrning 30-yillarida topilgan “QOʻYQIRILGAN QALʼA” meʼmoriy yodgorligi tasvirlangan.

Foto: Markaziy bank axborot xizmati

Yuqori qismining chap tarafida oʻzgaruvchan rangli OVI boʻyogʻida bosilgan “20000” raqami joylashgan boʻlib, maʼlum qiyalik burchagi koʻrinishi ostida qirmizi rangdan yashil rangga oʻzgaradi.

Banknot yuqori qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni, yuqori oʻng burchagida Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi siyoh rangda joylashgan.

Oʻng va chap tomoni chekkasida joylashgan siyoh rangdagi maxsus element koʻrish qobiliyati past boʻlgan insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmalik xususiyati hisobiga banknotning qiymatini aniqlash imkonini beradi.

Banknotning quyi qismida naqshinkor tasvir fonida “latent” (yashirin) tasvir “UZ” koʻrinishida berilgan boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda koʻrinish xususiyatiga ega.

Quyi qismining chap tomonidan banknot qiymatini aks ettiruvchi “YIGIRMA MING SOʻM” yozuvi va “OʻZBEKISTON SOʻMI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TOʻLOVLAR UCHUN OʻZ QIYMATI BOʻYICHA QABUL QILINISHI SHART” matni joylashgan.

Yuqoridagi tasvirlar metallograf bosma usulida bajarilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.

Banknot oʻng qismidagi och fonda nusxa koʻchirishga qarshi har xil diametrdagi xalqalar joylashtirilgan boʻlib, nusxa koʻchirilganda ushbu tasvirlarda aniqlik yoʻqoladi.

Yuqori qismdagi Oʻzbekiston xaritasi chizmasida och chiziqlar bilan “Buyuk Ipak yoʻli”ning karvon yoʻllari yoʻnalishi koʻrsatilgan.

Yuqori chap qismidagi Qoraqalpogʻiston xalqining kashtachilik matolarida qoʻllaniladigan naqsh bezagi tasviri registr vazifasini bajargani holda “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi. Yorugʻlikka qaratilganda oq qismi banknotning orqa tomonidagi rangli elementlar bilan qoʻshilib toʻliq naqsh hosil qiladi.

Banknotning raqami lotin alifbosidagi ikki harfli seriya va yetti xonali sondan tashkil topgan boʻlib, oʻng qismida gorizontal va chap qismida vertikal koʻrinishda bosilgan.

Banknot orqa tomonida miloddan avvalgi IV asrga tegishli boʻlgan, Sulton Uvays togʻlaridan janubiy sharqqa qarab ketgan balandliklar tepasida joylashgan “JONBOS QALʼA ARXEOLOGIYA YODGORLIGI” tasvirlangan.

Foto: Markaziy bank axborot xizmati

Oʻng qismida miloddan avvalgi VII-VI asrlarda Orol-Kaspiy dengizi oraligʻida yashagan xalqlarga tegishli sopol idish hamda miloddan avvalgi I asrga tegishli qadimiy aholi tomonidan zardoʻshtlik marosimlarida foydalanilgan tuya koʻrinishidagi artefakt aks etgan.

Ushbu tasvirlar metallograf bosma usulida, ikki xil rang (siyohrang va jigarrang)da aniq chegaralangan holda bosilgan boʻlib, barmoq uchi bilan siypalaganda buyoqning boʻrtmaligini sezish mumkin.

Yuqori chap qismida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni va banknot muomalaga chiqarilgan yil “2021” chop etilgan.

Banknotning pastki qismi chap va oʻng burchaklarida banknot nominal qiymati “20000” raqami oq rangda bir chiziqda hamda yuqori oʻng burchakda “YIGIRMA MING SOʻM” yozuvi tushirilgan.

Pastki qismida “OʻZBEKISTON SOʻMINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TAʼQIB QILINADI” matni ogohlantiruvchi yozuv sifatida qayd etilgan.

“Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 2 000 soʻm va 20 000 soʻm boʻlgan pul belgilari ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart”, — deyiladi xabarda.

Latest from Blog