Foto: ZarNews

1-sentyabrdan yangi transport vositalari texnik ko‘rikdan o‘tkazilmaydi

Hukumatning 9-martdagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.

Hujjatga muvofiq, 1-sentyabrdan yangi transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilmasligi belgilab qoʻyilmoqda.

Shuningdek, transport vositalarini Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati boʻlinmalarida majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalanish tartibi joriy etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan jismoniy shaxslarga tegishli M1 toifadagi avtotransportlarni tadbirkorlar — yuridik shaxslar tomonidan majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishda harakatlanuvchi mobil texnik nazorat liniyalaridan foydalaniladi.

2021-yil 1-iyulga qadar avtotransportlarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlarga Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining “Texnik koʻrik” avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kirish imkoniyati yaratiladi.

Bundan tashqari, 1-sentyabrdan xorijiy davlatlarga chiqadigan transportlardan tashqari barcha transportlarga texnik koʻrikdan oʻtgani toʻgʻrisidagi talonlarni berish amaliyoti bekor qilinadi.

Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ham tasdiqlandi.

Unga koʻra, transportlar quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilishi kerak:

  • tijorat asosida yoʻlovchilar tashuvchi yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va oʻrindiqlar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transportlar va ularning tirkamalari — 1 yilda 2-marta;
  • ishlab chiqarilganiga 6 yildan koʻp boʻlmagan transportlar — 2 yilda 1-marta;
  • ishlab chiqarilganiga 6 yildan ortiq boʻlgan, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniq boʻlmagan transportlar — 1 yilda 1-marta;
  • tirkamalar texnik koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda.

Shu bilan birga, navbatdagi texnik koʻrikdan oʻtkazishning ilgari oʻrnatilgan muddatlaridan qatʼiy nazar, ularni DYHXX organlarida roʻyxatdan oʻtkazish (qayta roʻyxatdan oʻtkazish) lozim.

Latest from Blog