1-oktabrdan nimalar oʻzgaradi?

“Huquqiy axborot” kanali 2020-yil 1-oktabrdan qonunchilikda qanday oʻzgarishlar boʻlishi haqida maʼlumot berdi.

1.Tadbirkorlarga “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi” beriladi

Tadbirkorlarga ularning faoliyati sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mosligini oʻrganish va tahlillar natijalariga asosan “Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik belgisi”ni berish amaliyoti joriy qilinadi.

Belgi Sanitariya-epidemiologiya xizmati tomonidan uch xil turdagi – “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalar boʻyicha 12 oy muddatgacha beriladi.

“Yashil” toifadagi belgiga ega boʻlgan tadbirkorlar faoliyati Sanitariya-epidemiologiya xizmati organlari tomonidan oʻrganilishi va tekshirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi (ommaviy zaharlanish va guruhli kasalliklar qayd etilgan holatlar bundan mustasno).

2. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni nazarda tutuvchi qarorlar, auksion va tanlov bayonnomalari, notarial tasdiqlangan bitimlar hamda boshqa hujjatlar Milliy geografik axborot tizimida davlat roʻyxatidan oʻtkazilganidan keyin kuchga kiradi.

Milliy geografik axborot tizimi yuridik va jismoniy shaxslarni kadastr maʼlumotlari bilan tezkor taʼminlash imkonini beradi.

3. Alkogol va tamaki bozorini tartibga solish hamda vinochilikni rivojlantirish agentligi isteʼmol va texnik etil spirti, alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda alkogol mahsulotlarining ulgurji va chakana savdosi bilan shugʻullanuvchi tashkilotlarning noqonuniy faoliyati haqida maʼlumot mavjud boʻlganda, maxsus vakolatli organni xabardor qilgan holda tekshirishlarni amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.

4. Byudjet va korporativ buyurtmachilar rahbarlari xarid qilinishi nazarda tutilgan tovarlar roʻyxatini shakllantirishda ularni cooperation.uz portalida roʻyxatdan oʻtgan mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoniyatini majburiy tartibda oʻrganadi.

Bunda, korxonalar rahbarlari mahalliy ishlab chiqaruvchilardan xarid qilish imkoni boʻlmagan taqdirda, import orqali tovarlar xarid qilinishining maqsadga muvofiqligini kuzatuv kengashlariga asoslab beradi.

5. Davlat ishtirokidagi xoʻjalik yurituvchi subyektlarning, shuningdek ularning affillangan shaxslarining va xoʻjalik faoliyatini amalga oshirish vakolatlari berilgan davlat muassasalarining (mudofaa qobiliyati va milliy xavfsizlik maqsadlarida bundan mustasno) taʼsis etilishiga quyidagi hollarda yoʻl qoʻyilmaydi:

bitta tovar bozorida beshta va undan ortiq xususiy tadbirkor faoliyat yuritib kelayotgan sohalarda;

davlat organlari tomonidan oʻzlariga litsenziyalash, roʻyxatga olish, akkreditatsiyadan oʻtkazish va ruxsat berish vakolati berilgan sohalarda.

6. Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish, huquqiy ekspertiza va davlat roʻyxatidan oʻtkazish toʻliq tarzda Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.

Ushbu tizim 2020-yil 1-iyuldan boshlab sinov tariqasida amalga oshirib kelinmoqda.

7. Tadbirkorlar uchun yana bir imtiyoz

Quvvati 140 kilovattgacha boʻlgan elektr uskunalarini tarmoqqa ulashda sarflanadigan xarajatlar tadbirkorlarning xohishiga koʻra, davlat xizmatlari markazlariga texnik shartlarni olish uchun murojaat qilish bilan bir vaqtda berilgan soʻrovnomasiga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

Mazkur mablagʻlar keyinchalik tadbirkorlar foydalangan elektr energiyasi qiymatiga qoʻshiladigan ustamalar hisobidan 1 yil davomida undirib olinadi.

8. Respublika byudjeti mablagʻlari va Respublika maqsadli kitob jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan taʼlim muassasalari uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni nashr etishda narxlarni davlat tomonidan tartibga solish bekor qilinadi.

9. Aholini don mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash va narxlar keskin oʻzgarishining oldini olish maqsadida intervension xaridlar tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Bunda:

– 2021-yil hosilidan boshlab don uchun davlat buyurtmasi hajmlari bosqichma-bosqich kamaytiriladi, boshoqli don xarid qilish va sotishda erkin raqobatni taʼminlaydigan bozor mexanizmlari joriy etiladi;

– oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash uchun davlat buyurtmasi tizimidan davlat zaxirasidan foydalanishga oʻtish boʻyicha mexanizm ishlab chiqish nazarda tutiladi.

10. Aksiz soligʻi stavkalari miqdorlari oʻzgaradi

Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan (xizmat koʻrsatiladigan), aksiz soligʻi solinadigan tovarlar (xizmatlar)ning ayrim turlariga aksiz soligʻi stavkalari oshadi.

11. 2020-yil 1-oktyabrdan boshlab:

– nodavlat taʼlim tashkiloti litsenziya olganidan keyingi litsenziya talablari va shartlaridan biri — “Nodavlat taʼlimni boshqarish axborot tizimi”ga kiritish uchun tegishli maʼlumotlarni Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga taqdim etish hisoblanadi;

– mazkur tizimda nodavlat taʼlim tashkiloti, uning taʼlim oluvchilari, pedagoglari va taʼlim-tarbiya jarayoni toʻgʻrisidagi ishonchli maʼlumotning litsenziya olingandan boshlab 30 kun davomida yoʻqligi – litsenziyaning amal qilishini toʻxtatish yoki tugatish uchun asos boʻladi;

– kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish boʻyicha nodavlat taʼlim olganlik toʻgʻrisida davlat namunasidagi hujjat blankalari berganlik uchun BHMning 10 foizi miqdorida yigʻim joriy etiladi.

12. Ichimlik suvi xizmatlari uchun narxlar mahalliy Kengashlar tomonidan koʻrib chiqiladi

Suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari uchun tartibga solinadigan narxlar monopoliyaga qarshi kurashish va narxlarni tartibga solish organlari xulosalari olinib, mahalliy Kengashlar qarori bilan maʼqullangandan soʻng tasdiqlanadi.

Fikr bildirish

Latest from Blog