1-mayga qadar Milliy bank tomonidan 3 mlnga yaqin plastik kartochka muomalaga chiqarildi

Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki joriy yilning 1-mayiga qadar 2 million 950 mingtadan ziyod plastik kartochkani muomalaga chiqargan. Bu haqda matbuot markazida pul muomalasini takomillashtirish va plastik kartochkalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish mavzusida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda Uz24.uz.

Foto: Global Audit

Joriy yilda bank 600 ming plastik kartochka sotib olishni rejalashtirgan bo‘lib, hozir 160 mingta kartochka xarid qilingan. O‘tgan vaqt ichida joylarda o‘rnatilgan terminallar soni 22 mingdan oshdi.

Milliy bank joriy yilning aprel oyidan boshlab Visa to‘lov tizimi bilan hamkorlikda xalqaro kartochkalar uchun internet-ekvayring xizmatlarini yo‘lga qo‘ydi. Endilikda ushbu xizmatdan foydalanadigan tadbirkorlik subyektlari xorijga o‘z mahsulotlarini internet orqali sotishi va sotilgan tovar uchun mablag‘larni plastik kartochkasida qabul qilib olishlari mumkin. Bu esa, o‘z navbatida, milliy mahsulotning chet ellardagi savdosi oshishi, tadbirkorlik subyektlari hisob raqamlariga tushayotgan valyuta hajmi ko‘payishini ta’minlaydi.

Latest from Blog