1-iyundan aholidan ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi

2021-yil 1-iyundan aholi va tadbirkorlardan ayrim hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Bu haqda prezidentning “Aholi va tadbirkorlik sub’yektlariga davlat xizmatlaridan foydalanishda yanada qulay sharoitlar yaratish, bu borada byurokratik to‘siqlarni qisqartirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6191-son qarorida belgilab qo‘yilgan.

Hujjatga ko‘ra, davlat organlari, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, davlat tashkilotlari va muassasalari tomonidan aholidan, shu jumladan tadbirkorlik sub’yektlaridan:

a) quyidagi faktlarni tasdiqlovchi hujjatlarni:

  • ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi;
  • sudlanganlik;
  • manzil-ma’lumot axboroti;
  • fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy mavjud yoki mavjud emasligi;
  • turar joyning maydoni;
  • soliq qarzi mavjud yoki mavjud emasligi;
  • soliq to‘lovchi jismoniy shaxslarning davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yilganligi;
  • pensiya va nafaqa miqdori;
  • pensiya va nafaqa oluvchilar ro‘yxatida mavjud yoki mavjud emasligi;
  • nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi;

b) quyidagi hujjatlarni:

  • shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi;
  • shaxsning belgilangan shakldagi fotosurati;
  • tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari;
  • mehnat daftarchalari va ularning nusxalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomalari (fuqarolarga pensiya tayinlash jarayonida ushbu hujjatni «Yagona milliy mehnat tizimi» idoralararo dasturiy-apparat kompleksi orqali olish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda so‘rash bundan mustasno);
  • kadastr hujjatlari va ularning nusxalarini talab qilish bekor qilinadi.

Bunda, davlat organlari va tashkilotlari jismoniy shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, ishga qabul qilish jarayonida va boshqa ma’muriy tartib-taomillarni amalga oshirishda mazkur bandda nazarda tutilgan hujjat va ma’lumotlarni mas’ul davlat organlari va tashkilotlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan «Elektron hukumat» tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.

Latest from Blog