1-iyuldan Oʻzbekistonda nimalar oʻzgaradi?

/

Pensiya va nafaqalarning oshirilishi, 24 ta tuman va shahar qurilish materiallarini ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilayotgani, olis va chekka hududlardagi bogʻchalar va parrandachilarga subsidiya berilishi, onkologik va gematologik bemorlarning viloyatlardan respublika markazlariga kelish xarajatlari qoplab berilishi, mansabdor shaxslarning xizmat safarlari xarajatlari oshkor qilinishi — 1-iyuldan Oʻzbekiston qonunchiligida qanday oʻzgarishlar boʻlishi haqida Gazeta.uz nashri yozdi.

1. Pensiya va nafaqalar oshiriladi

Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimini yana-da takomillashtirishga qaratilgan qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoniga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan:

  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdorida va undan kam pensiya oluvchi shaxslarga pensiyani hisoblash bazaviy miqdorining 20 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi.

Bunda, ish staji toʻliq boʻlmagan chogʻdagi pensiyalarning eng kam miqdori qoʻshimcha toʻlovni hisobga olgan holda 256 ming 675 soʻmdan 400 ming soʻmga oshiriladi.

  • belgilangan yoshga doir eng kam pensiya miqdoridan 565 ming soʻmgacha pensiya oluvchilarning yoshga doir va nogironlik boʻyicha pensiyalari miqdori 565 ming soʻmga yetkaziladi;
  • zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa miqdori 315 ming 030 soʻmdan 400 ming soʻmga yetkaziladi.

Boquvchisini yoʻqotganlik:

  • pensiyasi oluvchilarning har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun qoʻshimcha toʻlov joriy etiladi;
  • pensiyasi oluvchilarning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun pensiyaning eng kam miqdori 256 ming 675 soʻmdan 400 ming soʻmga oshiriladi va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun amaldagi tartibga muvofiq pensiya toʻlanadi;
  • nafaqasi oluvchi oilalarning barcha aʼzolarini qamrab olish maqsadida ularning bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun nafaqa miqdori 400 ming soʻm va keyingi har bir mehnatga qobiliyatsiz oila aʼzosi uchun 150 ming soʻmdan qoʻshiladi;
  • bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa oyiga 513 ming 350 soʻmdan 565 ming soʻmga oshiriladi.

2. Olis va chekka hududlarda joylashgan bogʻchalarga subsidiyalar toʻlanadi

Prezidentning “Qamrov darajasi past boʻlgan tumanlarda maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarmogʻini kengaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan:

  • bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi past boʻlgan 53 ta tumanda 100 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlarini tashkil etish uchun 7 yil muddatga 2 yillik imtiyozli davr bilan 5 foizlik stavkada kreditlar ajratiladi.

Olis va chekka hududlarda joylashgan davlat-xususiy sheriklik asosidagi tegishli nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga:

  • har bir tarbiyalanuvchi bola uchun davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 75 foizi miqdorida subsidiya toʻlanadi;
  • “Yoshlar daftari”, “Temir daftar” yoki “Ayollar daftari”ga kiritilgan oilalarning har bir tarbiyalanuvchi farzandlari uchun davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining bir nafar tarbiyalanuvchisi uchun sarflanadigan xarajatlar summasining 25 foizi miqdorida subsidiya toʻlanadi;
  • davlat-xususiy sheriklik asosidagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga foydalangan elektr energiyasi va tabiiy gaz xizmatlari narxining 50 foizi miqdorida oylik kompensatsiyalar toʻlanadi.

3. Davlat organlarida xizmat avtotransportlari davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi

1-iyuldan boshlab davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlarida xizmat avtotransportlarini roʻyxatdan oʻtkazish davlat raqami belgilarining yangi tipi joriy etiladi.

4. Onkologik va gematologlik bemorlarning viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga kelish xarajatlari qoplab beriladi

Prezidentning “Aholiga gematologiya va onkologiya xizmatlarini koʻrsatish tizimini yana-da takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan:

  • gematologiya, onkologiya, klinik immunologiya, transfuziologiya va shu sohadagi laboratoriya yoʻnalishlari boʻyicha yosh mutaxassislarning xorijdagi yetakchi ilmiy va tibbiyot markazlari ish joylarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi bilan bogʻliq xarajatlar toʻliq qoplab beriladi;
  • bemorlarning onkologiya va gematologiyaga ixtisoslashtirilgan davlat tibbiyot muassasalari yoʻllanmalari asosida pozitron-emission tomografiya tekshiruvidan oʻtishi bilan bogʻliq xarajatlari Davlat byudjetidan qoplanadi;
  • onkologik va gematologlik bemorlarning Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardan respublika ixtisoslashtirilgan markazlariga temir yoʻl va aviatransport vositalari orqali kelishi bilan bogʻliq xarajatlar tegishli mahalliy byudjetlar mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab beriladi.

5. Mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan kelgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari Ochiq maʼlumotlar portaliga joylashtirilib beriladi

Quyidagilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Ochiq maʼlumotlar portaliga (data.gov.uz), davlat organlari va tashkilotlari veb-saytlariga joylashtirilib, har chorakda yangilab boriladi:

  • amalga oshirilgan davlat xaridlari;
  • mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari;
  • Prezident, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar;
  • oʻzlarining yillik xarajatlar smetasi va uning ijrosi.

6. Nodavlat taʼlim tashkilotlari davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi

“Nodavlat taʼlim tashkilotlarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va taʼlim jarayonida yoshlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi prezident qaroriga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan 2024-yil 1-yanvarga qadar vazirlik va idoralar tizimidagi kollej va texnikumlarning bino va inshootlarida (Toshkent va Samarqand shaharlaridan tashqari) faoliyatini amalga oshiradigan nodavlat taʼlim tashkilotlari:

  • ijara toʻlovidan ozod etiladi (saqlash va kommunal toʻlovlar boʻyicha xarajatlar bundan mustasno);
  • taʼlim jarayoni natijasida olingan, oʻzlari ishlab chiqargan mahsulotlarni (ish va xizmatlarni) taʼlim tashkilotlari uchun nazarda tutilgan imtiyozlar (QQS va foyda soligʻi boʻyicha) tatbiq etilgan holda realizatsiya qilish huquqiga ega.

Shuningdek, darsdan boʻsh vaqtlarda, shu jumladan yozgi taʼtil vaqtida quyidagi davlat mulki obyektlari nodavlat taʼlim tashkilotlariga ijaraga beriladi:

  • maktabdan tashqari taʼlim kurslarini, shuningdek, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish uchun davlat umumiy oʻrta va OTM boʻsh maydonlari;
  • aholining kompyuter savodxonligi boʻyicha kurslar tashkil etish uchun qishloq joylarda joylashgan davlat umumiy oʻrta va professional taʼlim muassasalaridagi kompyuter sinflari.

7. Mahalliy davlat hokimiyati organlari hujjatlari “E-qaror” elektron tizimi orqali qabul qilinadi

2021-yil 1-iyuldan:

  • barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi;
  • ushbu elektron tizimni chetlab oʻtgan holda qaror va farmoyishlarni qabul qilishga yoʻl qoʻyilmaydi;
  • qarorlarning tartibga solish taʼsirini baholash elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

8. Parrandachilarga subsidiya va soliq imtiyozlari beriladi

2021-yil 1-iyuldan boshlab 2024-yil 1-iyulga qadar asosiy faoliyat turi parrandachilik boʻlgan tadbirkorlik subyektlari uchun ularning asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi (tijorat banklarida joylashtirilgan mablagʻlardan olingan foizlardan tashqari), mol-mulk soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkasi 50 foiz miqdorida qoʻllaniladi.

9. 24 ta tuman (shahar) qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtiriladi

“Hududlarning sanoat salohiyatini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident farmoniga koʻra, 2021-yil 1-iyuldan tegishli materiallarni ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirayotgan tadbirkorlarga Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi tomonidan quyidagilar taqdim etiladi:

  • investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida, shu jumladan aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun beriladigan bank kreditlari summasining 50 foizigacha, biroq 15 milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan miqdorda kafolatlar;

Qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalariga berilgan kreditlar boʻyicha foiz xarajatlarini qoplash uchun quyidagicha kompensatsiyalar ajratiladi:

  • milliy valyutadagi kreditlar boʻyicha — Markaziy bankning asosiy stavkasidan oshadigan, biroq 10 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
  • chet el valyutasidagi kreditlar boʻyicha — tijorat banklari tomonidan belgilangan stavkaning 50 foizi, biroq 4 foiz punktidan koʻp boʻlmagan miqdorda;
  • sinov laboratoriyasi uskunalarini sotib olish va xalqaro sifat menejmenti standartlarini joriy etish xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiyalar.

Farmonga koʻra, shuningdek:

  • 24 ta tuman (shahar) qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilib, ularda “kichik sanoat zonalari” tashkil etiladi.

10. Bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etiladi

2021-yil 1-iyuldan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga quyidagi faoliyat turlari bilan shugʻullanishga ruxsat beriladi:

  • maxsus avtotransportda tashkil etiladigan “mobil tibbiyot” xizmati yordamida joyiga chiqqan holda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatish;
  • nodavlat tibbiyot tashkilotining oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat “tibbiy punkt”larini tashkil etish.
  • 2021-yil 1-noyabrgacha bepul tibbiy yordam olish huquqini beruvchi order berish tizimi joriy etiladi.

Shuningdek, 2021-yil 1-iyuldan Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi unga Vrachlar va farmatsevtlarga litsenziya berish va attestatsiyadan oʻtkazish Respublika markazini qoʻshib olish yoʻli bilan qayta tashkil etiladi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimiga oʻtkaziladi.

11. Ifloslantiruvchi moddalarni atrof muhitga chiqarib tashlash, oqizish uchun kompensatsiya toʻlovlari miqdori koʻpaytiriladi

2021-yil 15-iyuldan:

  • ifloslantiruvchi moddalarni atrof muhitga chiqarib tashlash, oqizish va chiqindilarni joylashtirish massasi tasdiqlangan ekologik normativlardan 1 baravardan 5 baravargacha yoki undan ortiq (kam) boʻlganda kompensatsiya toʻlovchi subyektlar mos ravishda 1 baravardan 20 baravargacha koʻpaytirilgan (kamaytirilgan) miqdorda kompensatsiya toʻlovlarini toʻlaydilar;
  • ekologik normativlarda tasdiqlanmagan yoki ularning amal qilish muddati tugagan boʻlsa, atrof muhitga yuqori (I toifa) va oʻrtacha (II toifa) darajada xavfli taʼsir koʻrsatadigan kompensatsiya toʻlovchi subyektlar ifloslantiruvchi moddalarni chiqarib tashlash, oqizish, chiqindilarni joylashtirishning amaldagi massasiga nisbatan 20 baravar, shuningdek, past (III toifa) va mahalliy (IV toifa) darajada taʼsir koʻrsatuvchi kompensatsiya toʻlovchi subyektlar 10 baravar koʻpaytirilgan miqdorda kompensatsiya toʻlovlarini toʻlaydilar;
  • ifloslantiruvchi moddalarni birvarakayiga tashlaganlik va oqizganlik uchun kompensatsiya toʻlovlari har bir modda boʻyicha belgilangan bazaviy stavkalarga nisbatan 10 baravar koʻpaytirilgan miqdorda toʻlanadi.

12. Bojxona nazoratini olib borishda yangi tartiblar joriy etiladi

2021-yil 1-iyuldan bojxona nazoratini olib borishning quyidagi tartibi belgilanadi:

  • “Masofaviy elektron deklaratsiyalash bojxona postlari” sinov tariqasida tashkil etiladi;
  • bojxona rasmiylashtiruvi jarayonlarini masofaviy boshqarish, inson aralashuvi keskin qisqartiriladi;
  • chegaralarda veterinariya va fitosanitariya organlari tomonidan tekshirish, toʻlovlar undirish jarayoni onlayn amalga oshiriladi.

13. JSHSHIR shaxsni tasdiqlovchi yagona identifikator deb hisoblanishi belgilandi

2021-yil 1-iyuldan soliq organlarida soliq toʻlovchilarning hisobini yuritish jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JSHSHIR)dan foydalangan holda amalga oshiriladi.

JSHSHIR barcha davlat, bank, ijtimoiy va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi yagona identifikator deb hisoblanishi belgilandi. Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan jismoniy shaxslarni identifikatsiya qiladigan alohida raqamlarni yuritishga yoʻl qoʻyilmaydi.

14. Mahkumlarni saqlash holati ustidan nazorat olib borish jarayonlari toʻliq avtomatlashtiriladi

2021-yil 1-iyuldan shaxslarni profilaktik hisobga olishning elektron tizimi joriy etiladi.

“Xavfsiz taʼlim muassasasi” tamoyili asosida tuman, shahar ichki ishlar organlari tarkibida 2 000 ta shtat birliklaridan iborat voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog lavozimlari joriy etiladi hamda ular bevosita umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida xizmat oʻtaydi.

Shuningdek, 2021-yil 1-iyuldan:

  • Har bir koʻp kvartirali uy-joy uchun majburiy badallarning yoki toʻlovlarning alohida hisobi yuritilishi shart.
  • Ish staji 5 yil boʻlmagan oliy maʼlumotli tibbiyot xodimlarini nodavlat tibbiyot tashkilotlariga ishga qabul qilish bilan bogʻliq talablar davlat tibbiyot muassasalariga tenglashtiriladi.
  • Davlat organlarida taʼlim tashkilotlari oʻqituvchilarini shartnoma asosida jalb qilib, haftada kamida bir marotaba xodimlarni xorijiy tilga oʻqitish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.
  • Davlat pensiyalarini tayinlashda fuqarolardan mehnat staji, ish haqi, OTMdagi oʻqish hamda harbiy xizmat davri toʻgʻrisidagi hujjatlarni talab qilish bekor qilinadi. Davlat pensiyalarini tayinlash YAMMT IDAKga kiritilgan elektron maʼlumotlar asosida amalga oshiriladi.
  • Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar)lar byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshiriladi.
  • Yangi quriladigan savdo maydoni 15 ming kvadrat metrdan ortiq savdo-koʻngilochar komplekslarida jami oʻrindiqlar soni 300 tadan va kinozallari soni 4 ta kam boʻlmagan kinoteatr tashkil etish majburiy hisoblanadi.
  • Oʻrta tibbiyot mutaxassislariga “hamshiralik ishi” bilan mustaqil shugʻullanishga ruxsat beriladi.
  • Qoʻriqlash bosh boshqarmasi xodimlariga har oyda ularning lavozim maoshiga 20 foiz miqdorda oylik ustama belgilanadi.

Latest from Blog