Taniqli rejissor Zulfiqor Musoqov «E’tirof» mukofoti bilan taqdirlanganidan so‘ng, ertasi kuniyoq uni “O‘zbekkino”ga qaytarib bergan. Bu haqda u «Xalq so‘zi»ga bergan intervyusida ma’lum qildi va ushbu harakatini quyidagicha izohladi:
«Chunki bu sovrin shaxsan menga botmadi. Negaki, anchagina g‘irrom, ko‘zbo‘yamachilik jarayoni bo‘ldi. Ko‘proq men “Dadam betob” filmimda bosh rolni ijro etgan taniqli aktyorimiz Farhod Abdullayev uchun xafa bo‘ldim. Negaki, u yerda “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasi Farhodga qaysi filmdagi qaysi roli uchun berilgani aytilmadi. “Eng yaxshi aktrisa” qaysi roli uchun olgani ham ochiq qoldi. Va nihoyat, menga qaysi film uchun sovrin berildi?.. Yosh bolalarning o‘yiniga o‘xshab ketdi, g‘irt bachkanalikdan boshqa narsa emas. Shuning uchun tinchgina sovrinni qaytardim. Bo‘lgan gap shu», — deydi rejissor.
Eslatib o‘tamiz, Zulfiqor Musoqov 2017-yilda «Yilning eng yaxshi senaristi» yo‘nalishida «E’tirof» mukofoti bilan taqdirlangan edi.