5-7-iyul kunlari Jizzax viloyati Zomin tumanining “O‘riklisoy” dam olish maskani yosh ijodkorlarning an’anaviy Zomin seminariga mehmonlik qildi.
O‘zbekistonning turli go‘shalaridan yig‘ilgan oltmishdan ortiq ijodkor yoshlar, shoir va adiblar, munaqqid, dramaturg hamda publitsistlar ishtirok etgan ushbu seminar Yozuvchilar uyushmasining jonbozligi ostida o‘tdi.
Seminarning amaliy ahamiyati yosh ijodkorlar taqdim etgan ijodiy ishlarni baholash, ularning yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatib berish hamda ustozlarning ijod laborotoriya sirlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Ikki kun davom etgan mashg‘ulotlarda Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Iqbol Mirzo, Nodir Jonuzoq, Shuhrat Rizayev, Suvon Meli, Abduqayum Yo‘ldoshev, Isajon Sulton, O‘ktam Mirzayor kabi ustozlar nafaqat o‘z yo‘nalishidagi ijodkorlarga, balki seminarning barcha ishtirokchilariga ham mashg‘ulotlardan tashqarida — yo‘l-yo‘lakay, davra qurilganda, hatto tushlik ustida ham saboqlarini ayashmadi.
Yozuvchilar uyushmasi raisi Muhammad Ali boshchiligidagi ijodiy guruhning ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlab turishi ularga yana-da kuch bag‘ishladi, desak yanglishmaymiz. Seminar davomida yosh ijodkorlarga Zomin haqida, Sharof Rashidov, Hamid Olimjon, Zulfiya ijodiga bag‘ishlab o‘z yo‘nalishlarida ijodiy ish yaratish topshirig‘i berildi. Eng qiziq jarayon ana shu yerda bo‘ldi, nazarimizda. Chunki ishtirokchilar berilgan vaqt davomida ham samimiy, ham mavzuga mos she’r, qatra, tarjima, badiiy-publitsistik material yaratishlari kerak edi.
Aytish kerakki, ishtirokchilarning aksariyati bu vazifani yaxshi uddalashdi… Ijodiy muhit, go‘zal tabiat, Zomin sharsharasiga sayohat, ustozlar sabog‘i, tengdosh ijodkorlarning ijod namunlari bilan tanishish ishtirokchilarning dunyoqarashi, tuyg‘ulariga tas’ir qilmay qolmadi, albatta. Seminar yakunida har bir ishtirokchiga Prezidentning qimmatbaho sovg‘alari, Yozuvchilar uyushmasining “Ozod vatan saodati” nomi ostida chop etilgan besh tomlik saylanma topshirilishi bilan birga, ochilish marosimida viloyat hokimligi tomonidan e’lon qilingan tanlovning 1-, 2-, 3-o‘rin g‘oliblariga berilishi kerak bo‘lgan olti million so‘m pul mablag‘i barcha ishtirokchilarga teng miqdorda bo‘lib berildi.
Zomin seminari davomida yangi iqtidorlar kashf etildi, eng sara ijod namunalari Yozuvchilar uyushmasi tomonidan har yili o‘tkazib kelinadigan “Birinchi kitobim” loyihasiga tavsiya etildi, ustozlar, uyushma va yosh ijodkorlar o‘rtasida ustoz-shogirdlik ko‘prigi bunyod bo‘ldi. Qolaversa, Zomin seminari yurtimizning barcha viloyatlari ijodkorlarini do‘stlik, qadrdonlik rishtalari bilan bog‘ladi.
Feruza Xayrullaeva, seminar ishtirokchisi