Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kiritilganiga bir yil to‘ladigan kunda — 2023-yil 24-fevral kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy BMT Bosh assambleyasi majlisida nutq so‘zlash uchun Nyu-Yorkka kelishni rejalashtirmoqda.
“Prezidentimiz borishni xohlardi, unda borish uchun istak va niyat bor… biroq xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat unga borish imkoniyatini berish-bermasligi masalasi ham bor”, — dedi Ukraina tashqi ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Emine Japarova.
Diplomat qayd etishicha, Ukraina razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, fevralda Rossiya “juda jiddiy hujum”ni rejalashtirmoqda. Bu omil prezident tashrifini rejalashtirishni qiyinlashtirmoqda.
22-dekabr kuni Vladimir Zelenskiy Vashingtonda AQSH prezidenti Jo Bayden bilan ko‘rishib, Kongressda chiqish qilgandi. O‘shanda u 2022-yil 24-fevralida Ukrainada jangovar harakatlar boshlanganidan buyon birinchi marta mamlakatni tark etgandi.