Yulduz Usmonova Tojikistonda konsert beradi

1


Taniqli oʻzbek xonandasi Yulduz Usmonova Dushanbe, Xoʻjand va Tursunzoda shaharlarida may oyi oxirlarida konsert beradi, deb xabar qilmoqda Sputnik Tojikiston.

Konsert tashkilotchisi Mavluda Rahmatovaning soʻzlariga koʻra, xonanda Oʻzbekistonda taqdim etgan 14 kunlik konsertidan soʻng Tojikistonga taklif etilgan. «U 14 kun davomida Toshkentda konsert berdi. Endi esa xonanda Tojikistonga taklif etildi», — deya izoh bergan Rahmatova nashrga bergan intervyusida.

Taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova Dushanbe shahrida ikkita yakkaxon konsert dasturini taqdim etadi. Shuningdek, Xoʻjand va Tursunzoda shaharlarida ham chiqish qilishi kutilmoqda.

Kohi Borbad ijarasi oʻta qimmat boʻlgani uchun xonandaning konserti Dushanbedagi Amfiteatrda oʻtkazilishi maʼlum qilindi.

«Toshkentda u tojikcha qoʻshiqni chakan kiygan holda ijro etdi. Va bu bizga juda manzur boʻldi», — deya tushuntirgan tashkilotchi.

Qayd etilishicha, Yulduz Usmonova Tojikistonda yangi konsert dasturini taqdim etadi. Dasturdan tojik tilida kuylanadigan bir nechta qoʻshiqlar oʻrin olgan. Tojik tilida kuylanadigan qoʻshiqlar sheʼri tojik shoiri Orzu Isoyevga tegishli.

«Oxirgi yillarda Oʻzbekistonlik xonandalardan hech kim Tojikistonda chiqish qilmagan, ikki mamlakat oʻrtasida aloqalar tiklangach, biz oʻzimizning yaqin doʻstimizni taklif qilishga qaror qildik va konsertni «Doʻstning qaytishi» deb nomladik», — deb aytgan Rahmatova.

Yulduz Usmonovaning konsert dasturiga chiptalar 128 ming soʻmgacha narxda sotilayotgani qoʻshimcha qilingan.

Fikr bildirish

Latest from Blog