Hukumatning “A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovonidan o‘tuvchi qismidan samarali foydalanish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq Qamchiq dovoni orqali bitta yetaklovchi o‘qqa 11,5 tonnadan ortiq yuk to‘g‘ri keladigan yuk avtomobillari bilan yuk olib o‘tish taqiqlandi. Bu haqda norma.uz saytiga tayanib Uz24 axborot portali xabar qilmoqda.
2017-yilning 1-iyulidan kuchga kiradigan mazkur hujjatda aytilishicha, Toshkent va Namangan viloyatlaridagi postlarda avtotransport vositalarining og‘irlik va gabarit o‘lchamlarini, shu jumladan, yetaklovchi o‘q yuklamalarini tekshirish bo‘yicha zamonaviy uskunalar o‘rnatiladi.
Ushbu taqiq og‘irlik parametrlari bo‘linmaydigan katta gabaritli va og‘ir yuklarni vakolatli organlarning maxsus ruxsatlari bilan olib o‘tayotgan, shuningdek, Qamchiq dovonida yo‘l-transport infratuzilmasi ob’ektlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, ta’mirlash bo‘yicha ishlarni amalga oshirish uchun jalb qilingan yuk avtotransport vositalari uchun amal qilmaydi.