Yaponiya Ukrainadagi voqealar munosabati bilan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirmoqda, deb xabar qildi Yaponiya tashqi ishlar vazirligi juma kuni.
Xabarda aytilishicha, yangilangan sanksiya roʻyxatiga Yaponiyadagi aktivlari muzlatib qoʻyilayotgan Rossiyadan 17 nafar jismoniy shaxs va 78 tashkilot kiritilgan. Shuningdek, 80 ta tashkilot uchun eksport cheklovlari joriy etilmoqda.
Xususan, Rossiyaning qator harbiy xizmatchilariga, jumladan, Janubiy harbiy okrugining 58-qoʻshma qurolli armiyasi qoʻmondoni Mixail Zusko va RF quruqlikdagi qoʻshinlari raketa va artilleriya qoʻshinlari boshligʻi Mixail Matveevskiyga nisbatan sanksiyalar joriy etilmoqda.
Xuddi shu shaxslar roʻyxatiga “Almaz-Antey” konserni “VKO” OAJ boshqaruvi raisi va direktorlar kengashi aʼzosi Yan Novikov kiritilgan.
Alohida roʻyxatga LXR, DXR, Xerson, Zaporojye viloyatlari va Qrimdan yetti kishi kiradi.
Aktivlari muzlatilgan tashkilotlar orasida Svyaz AES, Meteor zavodi, turli aviatsiya va mudofaa sanoati korxonalari bor.
Avvalroq Kyodo agentligi Yaponiya hukumatidagi manbasiga tayanib, G7 davlatlari 19—21-may kunlari Xirosimada boʻlib oʻtadigan sammit arafasida Rossiyaga eksportga deyarli toʻliq taqiq joriy etish imkoniyatini koʻrib chiqayotgani haqida xabar bergan edi. Biroq, oʻshanda Financial Times manbalariga tayanib, Yevropa Ittifoqi davlatlari va Yaponiya AQShning Rossiyaga eksportni deyarli toʻliq taqiqlash haqidagi taklifiga rozi emasligini taʼkidladi.