Yangiyo‘l tumanida kafelar va kompyuter klublari faoliyati tekshiruvdan o‘tkazildi

Yangiyo‘l tumanida “Tozalash-Antiterror” kompleks profilaktik va tezkor tadbirlarida, “Fortuna” va “Aristokrat” kafelaridan jami 34 nafar fuqaro shaxsini aniqlash maqsadida, tuman ichki ishlar bo‘limiga olib borilib tekshirildi. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati «Korrespondent O‘zbekiston»ga xabar qildi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati

Xabarga ko‘ra, Yangiyo‘l tumani, Niyozbosh qishlog‘idagi “Terakzor asl taomlari” MChJga qarashli choyxonada qimor o‘yinlari bo‘lib turishi haqida ma’lumot olingan. 29-noyabr kuni boshqarma tashabbusi bilan tezkor kuzatuv tadbirlari o‘tkazilib, ushbu choyxonaning 4-xonasida bir guruh shaxslar tomonidan qimor o‘ynayotganliklari kuzatildi va holatga oydinlik kiritish maqsadida Yangiyo‘l tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazilib, o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish uchun topshirildi.

Yangiyo‘l shahar, Muqimiy MFY, Samarqand ko‘chasi, raqamsiz uyda joylashgan kompyuter klubi Yangiyo‘l shahar, Samarqand ko‘chasida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan X.D.ga tegishli bo‘lib, 20 ta kompyuter mijozlarga xizmat ko‘rsatadi. 29 noyabr kuni mazkur klub soat 23:55 da ham faoliyat yuritayotgani ma’lum bo‘ldi. Shundan so‘ng holatga oydinlik kiritish maqsadida boshqarma tashabbusi bilan Yangiyo‘l tumani IIB xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati

Natijada bir guruh turli yoshdagi o‘spirinlar klubda vaqtini o‘tkazayotgani hamda ular orasida kasb hunar kolleji o‘quvchilari borligi ham aniqlandi. Xususan, Yangiyo‘l tumani Gulbahor qishlog‘ida joylashgan Gulbahor sanoat kasb-hunar kolleji o‘quvchisi 1999-yilda tug‘ilgan O.J. tungi vaqtda kompyuterxonada vaqtini o‘tkazayotgani ma’lum bo‘ldi.

Yangiyo‘l shahar, Samarqand ko‘chasi, 151-uyda joylashgan “Feruza” nomli kafe har kuni soat 23:00gacha ishlashi belgilangan. Lekin mazkur kafe tungi soat 01:00gacha faoliyat yuritib, musiqiy diskoteka uyushtirilishi, mijozlar orasida yengil tabiatli ayollar ham bo‘lishi haqida ma’lumot olindi.

Boshqarma tashabbusi bilan 30-noyabr kuni tadbirlar o‘tkazilib, soat 00:30da kafe o‘z faoliyatini davom ettirayotgani kuzatildi. Ushbu holatga qonuniy chora ko‘rish maqsadida Yangiyo‘l shahar IIB xodimlari hamkorlikka jalb qilindi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB matbuot xizmati

Natijada kafe Yangiyo‘l shahar Usmon Yusupov ko‘chasida yashovchi, 1964-yilda tug‘ilgan K.R.ga tegishli bo‘lib, bir guruh shaxslar spirtli ichimlik iste’mol qilib o‘tirganlari aniqlanib, o‘rnatilgan tartibda chora ko‘rish uchun IIB xodimlariga topshirildi.

Kompyuter va «Playstation» o‘yingohlari tekshirilganda, Ramadon mahallasida joylashgan YTT “Ergashev”ga tegishli kompyuter o‘yingohida 3 nafar voyaga yetmaganlar kompyuter o‘yinlari o‘ynash bilan mashg‘ulligi ma’lum bo‘ldi.

Yakka tartibdagi tadbirkor “Ismailov”ga tegishli kompyuter klubida ham tungi soat 23:00dan keyin ayrim yoshlar kompyuter o‘yinlari o‘ynab o‘tirganliklari aniqlandi. Ushbu shaxslar ham ichki ishlar organlariga olib kelinib, profilaktik suhbatlar o‘tkazildi, qonuniy tartibda faoliyat yuritishning asoslari tushuntirib o‘tildi.

Latest from Blog