Xalqaro valyuta jamgʻarmasi ijrochi direktori Kristin Lagard Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga maktub yoʻlladi.
«Men Siz va Sizning iqtisodiy jamoangiz Oʻzbekiston iqtisodiyotini yanada rivojlantirish va aholi moddiy farovonligini yuksaltirish yoʻlida yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish borasida mamlakat iqtisodiyotini isloh etishga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlaringizni astoydil maʼqullayman. Shuni ishontirib aytamanki, Sizning rahbarligingizda olib borilayotgan islohotlarni amalga oshirish chora-tadbirlarini biz texnik koʻmaklashish va iqtisodiy siyosat masalalari boʻyicha tavsiyalar berish orqali toʻliq qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz», deyiladi maktubda.
Lagard jamgʻarma xodimlari yaqin orada Toshkentga borishini bildirgan.
«Bir necha kun avval Xalqaro valyuta jamgʻarmasi bosh qarorgohida jamgʻarma xodimlari bilan Sizning vakillaringiz valyuta siyosatini isloh qilish yoʻllari boʻyicha dastlabki uchrashuv oʻtkazganidan gʻoyat mamnunman. Jamgʻarma xodimlari bu boradagi ishlarni davom ettirish uchun yaqin orada Toshkentga borishidan xursandman.
Sizning jamoangiz va XVJ xodimlari yaqin vaqtlarda Oʻzbekistonda investitsiya muhitini takomillashtirish maqsadida boshqa yoʻnalishlarda ham olib borilayotgan islohotlar orqali valyuta tizimini erkinlashtirishni qoʻllab-quvvatlashga doir keng koʻlamli masalalarni, jumladan, iqtisodiy statistikani yaxshilash chora-tadbirlarini muhokama etishiga ishonaman. Bu hukumat va investorlarga asosli qarorlar qabul qilish imkonini beradi.
Janob Prezident, Oʻzbekiston amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida ulkan natijalarni qoʻlga kiritishiga qatʼiy ishonaman va biz Sizni bu borada har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanimizni yana bir bor tasdiqlayman», deyilgan maktubda.