Xorijliklar O‘zbekistonda qurilayotgan ko‘chmas mulkka investitsiya kiritishi mumkin bo‘ladi

Foto: Domtut.uz

2022-yil 1-maydan boshlab xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekistonda yashash guvohnomasini talab qilmagan holda, yangi barpo etilayotgan koʻchmas mulk obyektlarini (bundan yer uchastkasi mustasno) sotib olish tarzida investitsiya kiritish huquqi berildi. Roʻyxat Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Bu prezidentning 8-martdagi “Tadbirkorlik muhitini yaxshilash va xususiy sektorni rivojlantirish orqali barqaror iqtisodiy oʻsish uchun shart-sharoitlar yaratish borasidagi navbatdagi islohotlar toʻgʻrisida”gi farmonida aks ettirilgan.

Sarmoya kiritiladigan koʻchmas mulk obyektlari Toshkent viloyati, Toshkent va Samarqand shaharlarida — qurilish davrida tuzilgan shartnomalarga asosan qiymati 150 ming AQSh dollari ekvivalentidan, foydalanishga qabul qilingan koʻchmas mulk obyektlarida qiymati 180 ming dollar ekvivalentidan kam boʻlmasligi kerak. Boshqa hududlarda tegishli ravishda 70 ming va 85 ming dollardan kam boʻlmasligi lozim.

Bunda, mazkur bandda nazarda tutilgan koʻchmas mulk obyektlarini sotib olish xorijiy davlatlar fuqarolariga Oʻzbekiston Respublikasida doimiy roʻyxatdan oʻtish va yashash guvohnomasini olish uchun asos boʻlmaydi.

Farmon bilan shuningdek, xorijiy mamlakatlar fuqarolariga koʻchmas mulk sotib olish sharti bilan Oʻzbekistonda yashash guvohnomasini olish uchun talab etiladigan koʻchmas mulk qiymati miqdori Toshkent viloyati va Toshkent shahrida 400 mingdan 300 ming dollarga ekvivalentigacha kamaytirildi (boshqa hududlar uchun mazkur qiymat 100 mingdan 200 ming dollargacha tashkil qiladi).

Shu yoʻl bilan 111 mamlakat fuqarolari yashash guvohnomasini olish huquqiga ega.

Fikr bildirish

Latest from Blog