Xorijdagi vatandoshlarga soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligi beriladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirildi.

Foto: O‘zA

Hujjat bilan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida davlat siyosati konsepsiyasi va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Qarorga ko‘ra, vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib, ularga davlat tomonidan quyidagi qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari ko‘rsatilishi mumkin:

Kirish vizalarini, shu jumladan, ko‘p marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda O‘zbekiston hududida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun ruxsatnoma berish;

Yuqori malakali kadrlarni O‘zbekistonda zarur bo‘lgan mutaxassisliklar bo‘yicha ishga olish;

Ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;

Davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan ob’ektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, ma’rifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;

Vatandoshlarning o‘qishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini to‘liq (qisman) moliyalashtirish;

Vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va xo‘jalik boshqaruvi, mahalliy ijro hokimiyati organlari va boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;

Soddalashtirilgan tartibda O‘zbekiston fuqaroligini berish;

Vatandoshlar — xorijiy fuqarolarga O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalarida o‘zbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr san’ati, televideniye va radio yo‘nalishlari bo‘yicha ta’lim olishlari uchun grantlar ajratish;

Vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tishini soddalashtirish;

O‘zbekistonning rivojlanishiga munosib hissa qo‘shgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash;

O‘zbekiston qonunchiligi asosida davlat tomonidan ko‘rsatiladigan boshqa qo‘llab-quvvatlash va rag‘bat choralari.

Fikr bildirish

Latest from Blog