O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov vafot etdi. Bu haqda xonanda Mohira Asadova Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“O‘zbek musiqa san’ati og‘ir judolikka uchradi. Og‘ir va uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng qadrdon hamkasb do‘stimiz va akamiz bu foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyo tomon rihlat qildilar. Ravshan aka bilan qachon ko‘rishib qolsak, suhbatimiz doim musiqa san’ati haqida bo‘lardi. Chunki u kishi musiqiy g‘oyalari o‘zgachaligi bilan boshqalardan doim ajralib turardi…
Oxiratingiz obod, ruhingiz shod bo‘lsin Ravshan aka! Diydor qiyomatga qoldi”, —deb yozadi Mohira Asadova.
Yanvar oyida xonandaning og‘ir ahvolda gematologiya shifoxonasida davolanayotganima’lum bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ravshan Namozov 1961-yilning 10-iyulida Surxondaryo viloyatining Termiz shahrida tug‘ilgan. Termiz musiqa bilim yurtini tamomlab, otasi — O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Abdurahmon Namozov va Shokir Mahmudovlardan saboq olgan. U faoliyatini 1989-yili tashkil etilgan “Qars” guruhida boshlagan. U 1985-yil Germaniya o‘tkazilgan “Yoshlar festivalida” va 1989-yili Olmaota shahrida tashkil etilgan “Osiyo ovozi” ko‘rik tanlovida Grand-Prini qo‘lga kiritgan. 1991-yildan buyon yakkaxon ijod qilayotgan xonanda 1993-yili O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist unvoni bilan taqdirlangan.