Xitoyda keksalar soni ortmoqda

Demograflarning ma’lumotiga qaraganda, yaqin 20 yil ichida bunday toifadagi kishilar soni yiliga 10 million nafarga ko‘payadi, 2050-yilga kelib pensiya yoshidagi fuqarolar umumiy axolining 34,8 foizi, ya’ni 487 million nafarga yetar ekan. Xullas, Xitoy keksarayotgan jamiyat sifatida tilga olinmoqda.

Foto: thanhniennews.com

Ishbilarmon doira vakillari temirni qizig‘ida bosib, gerontologiya inqirozidan unumli foydalanib qolish payidadir. Hozir Xitoyning istalgan yirik savdo do‘koniga kirsangiz, aynan katta avlodga mansub odamlar uchun maxsus sog‘lomlashtirilgan oziq-ovqatlarga ko‘zingiz tushadi. Ular orasida “Naobay-tszin”, “Xuantszin dadan” navli oziq-ovqatlarning bozori chaqqon. 10 yildan ortiq vaqt mobaynida ushbu brenddagi mahsulotlarni sotish xajmi 10 milliard yuandan oshib ketdi.

Hozir taxminan 6 yarim yuan – bir AQSh dollariga tengdir. Ana shu kompaniya asoschisi, afsonaviy tadbirkor Shi Yuychju qisqa muddat ichida milliarderga aylandi. Bu odam nima uchun aynan shu soxani tanladi, degan savol tug‘ilishi mumkin. Yuychju janoblari mamlakatda keksalar soni ko‘payib borayotganligi tufayli, bu soxaning kelajagi porloq ekanligini anglab yetganini yashirmagan. Unga qarashli korxonada 12 yil davomida mahsulotlar ishlab chiqarish xajmi besh barobarga ko‘paygan. 2015-yilga borib har bir keksa odamga yiliga kamida 800 yuanlik sog‘lomlashtirilgan mahsulotlar to‘g‘ri keladi. Bozordagi bunday mahsulotlar xajmi 250 milliard yuanga etadi.

Sog‘lomlashtirilgan mahsulotlarning xalq orasidagi ommalashuvi “Xitoy kumush industriyasi”ning tezkorlik bilan rivojlanishiga o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. 2012-yilning noyabrida Tszyansu viloyatining Nankin shahrida keksalik industriyasiga bag‘ishlangan keng ko‘lamdagi yarmarka tashkil etildi. Mazkur tadbirda 7 ta mavzuga murojaat qilingan. Keksa kishilarning uy sharoitdagi yashashi, sog‘lomlashtirilgan oziq-ovqatlar, dori-darmonlar taqdimoti o‘tkazildi. Yarmarkaga 150 dan ortiq kompaniya tashrif buyurdi. 2012-yili olib borilgan tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, Xitoylik keksalar o‘zlari uchun kerak bo‘lgan mahsulotlarni sotib olish uchun 1,3 trillion yuan mablag‘ sarflashgan. O‘tgan asrning oxirlarida Osiyoning ushbu davlatida sayyohlik tizimi taraqqiy eta boshladi. Ko‘pgina sayyohlik byurolari keksa yoshdagi odamlarga maxsus turistik marshrutlarni taklif qildi. Shu o‘rinda birinchi navbatda ularning qiziqishlari va salomatligi qay xolatda ekanligi ham bog‘liqligi e’tiborga olingan. Lekin, bu tashabbus qariyalar tomonidan qo‘lab-quvvatlanmadi. Poytaxt Pekin misolida oladigan bo‘lsak, bu yerda bor-yo‘g‘i beshtagina maxsus sayyohlik byurolari ishlayapti xolos.

Ko‘pchilik investorlar tadbirkorlik faoliyatini yurgizar ekan, iloji boricha qariyalar uchun xususiy uylarni ochish rejasidan voz kechmoqda. Ular sarflagan pullarini qisqa fursatda qaytarib olishni juda istashadi, ya’ni kamida 7 yil ichida. Bu soxaga qo‘l urish uchun tavakkalchilik bilan ish yuritishga to‘g‘ri keladi. Chunki, kutilganidan ham kam daromad olish ular uchun sir emas.

Xitoy fuqarolik ma’muriyati vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2012-yilgacha mamlakatda 3 million 900 o‘rinli qariyalar muassasalari borligi ro‘yxatga olingan, ya’ni har ming keksa odamga 20,6 tadan o‘rin demakdir. Bu albatta nafaqat rivojlangan, balki rivojlanayotgan mamlakatlardagi ko‘rsatkichdan ham pastroqdir.

Xullas, Xitoydagi qariyalar muassasalari son va sifat jihatidan talabga javob bermas ekan. Yana bir muammo borki, keksalik nafaqasiga chiqqan fuqarolarning pensiyasi ham unchalik yuqori emas. Pensionerlarning ko‘pchiligi katta yoshda, qolaversa ko‘plari kasal. Xullas, mamlakatda bu soxada izchil isloxotlar olib borishga to‘g‘ri keladi.

Fikr bildirish

Latest from Blog