Vanessa Mey Toshkentda bepul konsert taqdim etadi

5-sentabr kuni O‘zbekiston Yoshlar Ittifoqi tasarrufidagi Yoshlar simfonik orkestri tomonidan Buyuk britaniyalik mashhur skripkachi va bastakor Vanessa Mey ishtirokida xayriya konsert dasturi tashkil etiladi, deb xabar qildi O‘zbekiston «Yoshlar Ittifoqi» matbuot-xizmati rahbari Nodir Abduqodirov.

Ilgariroq ijtimoiy tarmoqlarda skripkachi Vanessa Mey Toshkentga kelishi haqida xabar tarqalgan edi.

«Ha, Vanessa Mey Toshkentga keladi. U Yoshlar simfonik orkestri bilan birgalikda xayriya konsertini taqdim etadi», – dedi Abduqodirov.

«Yoshlar Ittifoqi» matbuot-xizmati rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ushbu xayriya konsertini tashkil etishdan maqsad – O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida jahon klassik musiqa merosini ommalashtirish, yoshlarni nodir san’at asarlariga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish va iqtidorlarini rag‘batlantirishdir.

Konsert poytaxtdagi Forumlar saroyida o‘tkaziladi.

Konsertga taklifnomalar faol va iqtidorli yoshlar, madaniyat va san’at arboblari, O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan diplomatik korpus va halqaro tashkilotlar vakillari, Davlat va jamoat tashkilotlarining faol vakillariga bepul tarkatilishi ko‘zda tutilgan, deb qo‘shimcha qildi Abduqodirov.

Fikr bildirish

Latest from Blog