//

“Vakuum”dagi “Vatanparvar”, qayta tiklanayotgan «Shunqorlar» va korrupsiya — Haydovchilarning 50 foizini tayyorlaydigan tashkilot rahbari bilan maxsus suhbat

O’zbekiston Respublikasi mudofaasiga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti haqida koʻpchilik maʼlumotga ega. Bir necha yillar u “DOSAAF” nomi bilan mashhur boʻlgan. Mustaqillikning dastlabki yillarida Oʻzbekistonda aholiga haydovchilik guvohnomasi berish ham faqat shu tashkilot zimmasida boʻlgan. Shu sabab ham haligacha aholining katta qismi “Vatanparvar” deganda faqat “prava” beradigan tashkilot sifatida o’ylashadi. Ammo, bu tashkilotning vazifalari keng. Xoʻsh, u haydovchilikka guvohnoma berishdan tashqari yana nimalar bilan shugʻullanadi? Tashkilot Mudofaa vazirligiga qarashli ekanligi qanchalar haqiqatga yaqin? U nodavlat notijorat tashkilot emasmi?…

Shu va boshqa savollar bilan tashkilot Markaziy kengashi raisi Husan Botirovga murojaat qildik.

Muxbir: 2021-yilning yanvar oyida Prezident yoshlar bilan uchrashuvda “Vatanparvar” tashkiloti 210 ta hududiy boʻlinmasi bilan birgalikda Mudofaa vazirligi tizimiga oʻtkazilishini maʼlum qilgan. Bu oʻzgarish tashkilotga qanday imkoniyatlar berdi-yu, qanday cheklovlar joriy etildi?

foto: gazeta.uz

H. B: 2021-yilgacha boʻlgan holat haqida gapiradigan boʻlsa, tashkilotimiz 1991-yil mustaqillik bilan barobar tashkil topgan. Oʻsha vaqtlarda bevosita nodavlat notijorat tashkilotimizning Qurolli kuchlarga kadrlar yetkazib berish bilan shugʻullangan. Xususan, 2018-yilgacha har yili Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmatining chegara qoʻshinlariga, shuningdek boshqa harbiy tuzilmalari mavjud boʻlgan vazirlik va idoralarga har yili 33 xil soha mutaxassislarini yetkazib bergan. Ular uchun avto-mototransport haydovchilari, aloqa mutaxassislari, chavandozlar, oshpazlar, bir vaqtlar hattoki, zirhlangan jangovar texnikalarni boshqaradigan mexanik haydovchilar ham tayyorlangan.

2018-yilga kelib Mudofaa vazirligiga yosh chaqiriluvchilarni mutaxassis sifatida tayyorlash boʻyicha markazlar tashkil etish va biz tayyorlaydigan 33 ta turli soha mutaxassislarini tayyorlash vazifasini vazirlikni oʻziga yuklash boʻyicha topshiriq berildi. Bizning ushbu vazifamiz Mudofaa vazirligiga oʻtishi bilan tashkilotda oʻziga xos “vakuum” paydo boʻlgan. Yaʼni, bular Qurolli kuchlarga mutaxassis tayyorlamasa, “Vatanparvar” nima bilan shugʻullanishi mumkin, degan savollar berila boshlangan. Ammo, nizomimizda tashkilotimizning asosiy maqsadi harbiy kontingent tayyorlash emas. Bir vaqtning oʻzida jamiyat, eng asosiysi yoshlarda vatanparvarlik his-tuygʻularini kuchaytirishga qaratilgan ommaviy, maʼnaviy-maʼrifiy va shu kabi tadbirlarni oʻtkazish bilan bogʻliq. Ikkinchi yoʻnalishimiz esa texnik va amaliy sport turlarini tashkillashtirish. Sportchilarni tayyorlash, ularni respublika va xalqaro darajaga olib chiqish.

Maʼlumki, yildan yilga texnikalar ortib boryapti, har bir oilaning oʻzini tasarrufida kamida 2-3 tadan texnika mavjud. Bu texnikalarni boshqaruvchi haydovchilar kerak. Ushbu soha dolzarbligicha qolganligi sababli va “Vatanparvar” tashkilotida bunday mutaxassislarni yetkazish boʻyicha katta, boy tajribasi boʻlgani uchun tashkilot bu vazifani saqlab qoldi. Va mana Respublikada har yili qariyb 130-140 ming atrofida avto-moto transport haydovchilarini tayyorlab berib turamiz.

2018-yildan keyin ham tashkilot faoliyatini davom ettirib, texnik va amaliy sport turlarini rivojlantirish hamda avto-mototransport haydovchilarini tayyorlashga eʼtibor qaratdi.

Tashkilot nodavlat notijorat tashkilot va bir vaqtning oʻzida xoʻjalik yurituvchi subyekt sifatida tarkibidagi xodimlarini oylik maoshlarini taʼminlab berishi uchun mablagʻ ishlab topadi. Lekin, nizomga koʻra tashkilotning topayotgan oyligi tashkilot aʼzolari oʻrtasida taqsimlanmaydi. Asosan vatanparvarlikni targʻib qilish va ayrim sport turlarini rivojlantirishga ajratiladi. Bir qismi esa xodimlar maoshiga yoʻnaltiriladi.

2018-yildan soʻng tashkilot daromadlarni oshirib borishga katta urgʻu berib, vatanparvarlik va sport ikkinchi darajaga oʻtib qolgan. Asosiy “plan”ga esa “Daromad qilishimiz kerak, tashkilotni saqlashimiz kerak, rivojlantirishimiz kerak”, degan maqsad chiqqan.

2020-yil 26-dekabrda prezidentimiz yoshlar bilan uchrashdilar. Shunda “Vatanparvar” tashkilotiga toʻgʻridan toʻgʻri murojaat qilib, oʻzlarini fikrlarini aytdilar. Shu uchrashuvdan soʻng 2021-yil 27-yanvar kuni Prezidentimiz rahbarligida oʻtgan yoshlar bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazishga bagʻishlangan video konferensiyada Mudofaa vazirligiga bizning tashkilotni tasarrufiga olishni topshiriq sifatida berganlar.

Shundan soʻng vazirlik bilan hamkorlikda tayyorlangan loyiha asosida 3 bosqichli ishlar amalga oshirilishi belgilandi. Natijada aprel oyidan boshlab “Yoshlar daftari”, “Temir daftar”ga kiritilgan oila farzandlarini bepul oʻqitib berish yoʻlga qoʻyildi. Avgustning 20-sanasidan texnik xizmat koʻrsatish kasblarga mutaxassislar tayyorlashni boshladik. Dekabr oyidan 3-bosqichda maxsus texnikalarni boshqaruvchi mutaxassislarni tayyorlaymiz.

Tashkilotimiz nodavlat notijorat tashkilot boʻlgani uchun uni vazirlik tarkibiga toʻliq oʻtkazishni imkoni yoʻq. Sababi Mudofaa vazirligi davlat tashkiloti hisoblanadi. Ushbu vazirlik ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlik qilib keladi.

Muxbir: “Shunqorlar” musobaqasi toʻxtatib qoʻyilgan edi. Yaqinda musobaqaning qayta tiklangani haqida xabar berildi. Nima sababdan toʻxtatildi-yu, nega qayta tiklanyapti? Musobaqani qayta tiklashga ehtiyoj bormi?

foto: google

H. B: “Shunqorlar” harbiy sport musobaqa 1994-yilda oʻsha vaqtdagi “Kamolot” tashkiloti tashabbusi bilan taʼsis etilgan. Shuni aytish kerakki, bu tadbirlar 2021-yilgacha boʻlib, oʻtkazilib kelgan. 2018-yillarga kelib tadbir nazardan chetda qoldi. Ammo oʻtkazilgan deyishga ham toʻliq asosimiz yoʻq. Chunki respublika boʻylab barcha viloyatlarda ham oʻtkazilmagan. Lekin qaysidir viloyatlarda boʻlib oʻtgan. Faqat musobaqa oʻz nufuzini yoʻqotgan. Yoshlarni qiziqishi soʻnmadi, tadbirni tashkillashtiruvchilar soni kamayib ketgan. 2021-yilda “Shunqorlar” musobaqasini tiklash kerak deb tashabbus qildik.

Musobaqada avvallari asosan kollej litsey oʻquvchilari qamrab olingan. Lekin band boʻlmagan yoshlar jalb qilinmagan. Albatta, bu yoshlarimiz ham bekor, ogʻzini ochib oʻtirmaydi. Hech boʻlmasa bir kunda bir necha soat qayergadir borib ishlab, daromad qilib keladi. Muqim ish boʻlmagach asosiy eʼtibor pul topishga qaratilib qoladi. Biz mana shu kontingentni “Shunqorlar” musobaqasiga jalb qilish taklifini ilgari surdik. Bilasizmi, fikr qiziqarli band boʻlmagan yoshlarni jalb qilish, lekin ularni jalb qilish masalasi qiyin. Shuning uchun biz taʼlim vazirliklariga murojaat qilishga majburmiz. Biz ushbu murojaatlar orqali taʼlim muassasalarida “Vatanparvar” tashkilotining boshlangʻich boʻlinmalarini tashkil qilmoqchimiz. Shu boʻlinmalardagi aʼzolarimiz orqali “Shunqorlar”ga yoshlarni saralaymiz. Qoida tariqasida musobaqaga 10 yoki 14 nafar yoshlar ishtirok etsa ularning 40 foizi oʻquvchilar, 60 foizi esa band boʻlmagan yoshlardan iborat boʻlishi kerak degan talabni qoʻymoqchimiz. Shunda bizga talabalar, oʻquvchilar yordam qiladiki, ularning mahallasidagi, tumanlaridagi boʻsh boʻlgan yoshlarni jalb qilamiz. Avval faqat oʻquvchilar boʻlgan boʻlsa, endi esa “miks” boʻladi.

Bu yil biz bir urinishda respublika bosqichini oʻtkazmoqchimiz. Sababi biz birinchi va ikkinchi bosqichni oʻtkazadigan boʻlsak, qish kunlari keladi. Bu qatnashchilarga noqulayliklar keltirishi mumkin.

Bu uchun biz birinchi navbatda XTV va OOʻMTV bilan memorandumlar imzolab, taʼlim muassasalarida boshlangʻich tashkilotlar tuzib olishimiz kerak. Yoshlarni musobaqaga tayyorlashda muammolar boʻlmaydi, sababi bizning bir yoʻnalishimga kirsa, ikkinchidan bizga Turizm va sport vazirligining joylardagi sport markazlaridan ham foydalanish imkoniyati berilgan.

Musobaqaning mazmuni ham oʻzgardi. Ilgari granata otish va harbiyga xos sport musobaqalari boʻlgan boʻlsa, endilikda tadbir mazmunini zamonaviyroq qilamiz. Yoshlarimizning qiziqishidan kelib chiqqan holda yangicha sinovlar bilan boyitmoqchimiz. Albatta, biz intellektual jihatni ham inobatga olamiz. Natijada savol-javoblar ham musobaqa shartiga kiritiladi.

Muxbir: Maʼlumki, tashkilot karting sport turiga ham yoshlarni tayyorlaydi. Turli rivojlangan davlatlarda bu sport turiga qiziqish baland. Hatto baʼzi davlatlarda oʻtkazilgan karting musobaqalarini turli davlatdan muxlislar kelib tomosha qilishadi. Biroq bizda hatto respublika miqyosida shov-shuv boʻladigan musobaqalar oʻtkazilganicha yoʻq. Xoʻsh, ushbu sport turini rivojlantirish uchun qandaydir toʻsiqlar mavjudmi? Maxsus maydonlar yetarlimi? Ushbu sport turida sport ustalari yetishib chiqmoqdami?

foto: google

H. B: Karting juda qimmat sport turi. Tashkilotga birinchi kelib, shu sport turining ustalariga duch kelganimda shuni tushundimki, bu sport turiga qizish katta. Lekin sportning oʻzini qoʻllab turish, mashgʻulotlarni tashkillashtirishning oʻzi bitta katta xarajatli narsa ekan. Va sport musobaqasini oʻtkazishni oʻzi uchun bitta sportchi va texnikaga 50 million soʻmgacha xarajat talab qilar ekan. Toʻgʻrisi, haydovchilarni tayyorlashdan keladigan daromadimizni taqsimlagan taqdirimizda ham bu sport turi boʻyicha yiliga 3-4 tagacha musobaqa oʻtkazishga quvvatimiz yetmaydi. Respublikada karting sport turi boʻyicha eng yetakchi viloyatlar bu Namangan boʻlib ularning 100 dan ortiq kartinglari bor. Keyingi navbatda Andijon, undan keyin Toshkent viloyati va Toshkent shahri, Sirdaryo va Samarqand viloyatlari.

Xorazm hamda Qoraqalpogʻiston Respublikalarida ham bor. Soni kam va mahorat maktablari rivojlanmagan. Shuning uchun respublika sport musobaqalarida odatda, Xorazm viloyati va Qoraqalpoq, Surxondaryo hamda Qashqadaryo viloyatlari ishtirok etmaydi. Ularda karting boʻyicha sportchilarni tayyorlash uchun baza yetarli emas. Ularning kartadromlari ham kartinglari ham (eski) talabga javob bermaydi.

Eng rivojlangan kartadromlar bu Namangan bilan Buxoro hisoblanadi. Sirdaryo va Toshkentdagilar ham taʼmirtalab. Ularni taʼmirlash uchun juda katta mablagʻ talab qilinadi.

Karting sportchilarini mintaqaviy yoki xalqaro musobaqalarga chiqishi uchun bizning texnikalarimiz yaroqli emas. Bitta ishlatilgan texnika 40-50 million turadi. Endi zamonaviy yangisi taxminan 100-120 millionlar borib taqaladi. Biz aholining 60 foizi yoshlar boʻlib turganda, 5-6 ta karting bilan hech narsaga erisha olmaymiz. Bu uchun yosh karting maktabini markazlashtirish kerak yoki yillar davomida qaysidir miqdorda xarid qilib olib maktabni rivojlantirish orqali erishsa boʻlar, balki. Bu yil 3 ta karting sotib olindi, hammasi ishlatilgan. Bizda yangisini sotib olishning imkoni yoʻq. Bozori ham yoʻq. eng yaqini Qozogʻiston, keyin Rossiya, keyingilari Yevropa davlatlari. Ulardan yurtimizga olib kelish uchun davlat boji toʻlash kerak, natijada uning narxi 2 barobarga tushib ketadi.

Men yaqin viloyatlarda kartadrom, parklarni tashkil qilish kerak deb oʻylayman. Maʼlum miqdorda texnikalarni jamlab faqat musobaqalarda foydalanadigan qilib qoʻysa boʻladi. Qolgan viloyatlarda esa oʻzlarini maktablarini tashkil qilish kerak deb hisoblayman. Lekin buni boshqa jihatlari ham bor.

Muxbir: Yiliga qancha yoshlar bepul oʻqitilishi koʻzda tutilgan? Hozirda qanchasi oʻqitildi. Bu borada qaysi viloyat yetakchi?

intrucks.com

H. B: Respublikada 1700dan ortiq avto-mototransport haydovchilarini tayyorlash maktablari bor. Shuning 211 tasi “Vatanparvar”ga tegishli. Lekin haydovchi tayyorlashda eng yetakchi tashkilot hisoblanadi. Oʻzbekistonda tayyorlanadigan haydovchilarning qariyb 50 foizini “Vatanparvar” tashkiloti oʻqitadi. Qolgani xususiy maktablarda tayyorlanadi. Oʻtgan yili tashkilot 141 mingta avto-mototransport haydovchisini tayyorlagan. Bu yil biz 150 mingga yetkazish niyatimiz bor. Hisob-kitoblar shuni koʻrsatmoqda.

2021-yilda “Yoshlar daftari” va “Temir daftar”ga kiritilgan yoshlarning 14 ming nafarini oʻqitib beramiz degan edik. Hozirgacha 10 ming nafardan ortigʻini oʻqitib guvohnomalarni topshirdik. Shu vaqtgacha ushbu imtiyoz asosida oʻqib, imtihondan oʻta olmagan yosh mavjud emas. Biz tashkilotimizning haydovchilarni tayyorlash uchun yigʻilgan bazasi eng ilgʻor deb ayta olmasak-da, lekin mavjud bazada mutaxassisni yetuk darajada tayyorlash uchun yetarli. Biz oʻrtahol sharoitda, xalqimizga narx jihatidan ham moddiy baza jihatidan ham qulay keladigan darajani ushlab turamiz.

Xorazm, Navoiy, Sirdaryo, Buxoro va Namangan viloyatlari yoshlarni imtiyozli asosda bepul oʻqitish borasida rejani 100 foizdan oshirib bajarishdi. Samarqandda ham ahvol ancha yaxshilandi.

Yana bir narsa haqida aytib oʻtmoqchiman. Muddatli harbiy xizmatni oʻtab qaytgan yoshlarimiz bor. Shuni inobatga olib hamkasblarga taklif berdik. Yaʼni Qurolli kuchlarda tahsil olayotgan 5-6 ming askarga foydamiz tegsin, Qurolli Kuchlar tarkibidagi vazirlik va idoralar, jumladan, Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya qo‘mondonligi, IIV bilan hamkorlik memorandumi tuzilib, askarlarni “Vatanparvar”da haydovchilikka va yana 5 ta kasbga oʻqib olishi mumkin. Biz guvohnoma beramiz.

Ularga imtiyoz tariqasida haydovchilikka oʻqish vaqtini 8 oyga choʻzib berib shu vaqt mobaynida toʻlovlarini 8 oy davomida boʻlib toʻlashiga imkon yaratdik.

Shuningdek serjantlar, ofitserlar ham 6 oy davomida oʻqishini taʼminlaymiz. Bundan tashqari harbiylarning turmush oʻrtoqlari 18 ga kirgan farzandlarini ham harbiy qismlarga tashkil etilgan maktablarimizda kelib oʻqishiga imkon beramiz.

Muxbir: Yildan yilga yoʻl transport hodisalari soni koʻpayib ketmoqda. Siz ushbu holatga qanday munosabat bildirasiz? Respublikadagi 50 foiz haydovchilar “Vatanparvar”da tayyorlanadi, axir?

foto: google

H. B: Men ijtimoiy tarmoqlarni kuzatib boraman. Kuniga respublikamizda hech boʻlmaganda 10 tagacha YTH roʻy beradi. Kamida 5-6 tasida odamlar halok boʻlyapti. Bu juda achinarli holat. Men haydovchilarni tayyorlashga masʼul boʻlgan tashkilot rahbari sifatida shu maʼlumotlarni koʻrganda beixtiyor yuragim jizillaydi. Xayolimdan birinchi oʻtadigani bu haydovchini tayyorlagan tashkilot kim ekan deyman-da. Meni qoʻlimda aniq maʼlumot yoʻq respublikada sodir boʻlgan YTHning nechtasidir “Vatanparvar”ga toʻgʻri keladi deb ayta olmayman. Lekin davriy tahlillar qilib boryapmiz. Rahbar boʻlganimdan buyon menga bironta maʼlumot kelgani yoʻq, “Vatanparvar”da oʻqigan ekan deb. Ehtimol, “Vatanparvar”da oʻqigan haydovchilar ham YTH sodir etayotgandir. Lekin bu boʻyicha aniq maʼlumot yoʻq. Fikrimcha, qaysi tashkilot tayyorlashidan qatʼiy nazar oqibatlari kimga zarar yetkazayotgani haqida oʻylashimiz kerak.

Yaqinda o’tkazilgan matbuot anjumanida YTH sodir boʻlganda ogʻir oqibatlarga sabab boʻlgan haydovchi agar “Vatanparvar”da oʻqigan boʻlsa, shu haydovchini oʻqitgan oʻqituvchisini ham avtomobil boshqarish ustasini ham ishdan boʻshattiraman degan fikrni aytgan edim. Afsuski, baʼzi bir hamyurtlarimiz bu masalaga qarshi fikr bildirishdi.

Tan olaman peshonaga yozilgan taqdirga tan bermay ilojimiz yoʻq. lekin biz doim taqdirni ayblayversak, qoidaga amal qilmasak va yana kimnidir urib ketib, oʻlimiga sabab boʻlsak-da, keyin Xudoni ayblab tursak bu to’g’ri boʻladimi. Masalan men buni hazm qilolmayman. Meni tanqid qilib chiqqanlar boʻldi. Men ulardan xafa emasman. Har kimning oʻzini fikri bor. Hammani oʻz munosabati bor. Agar xato gapirgan boʻlsam xatoyimni toʻgʻrilashga tayyorman. Lekin hamon oʻsha fikrimdaman. Shu haydovchini tayyorlagan mutaxassislar javobgar boʻlishi kerak. Toʻgʻri, YTH turli sabablarga koʻra sodir boʻlgan boʻlishi mumkin. Lekin meni fikrim bevosita qoidani buzgan, ayni vaqtda oʻziga qattiq ishonganidan, davlat qonunlarini mensimay, yoʻl qoidalarini bajarmasdan ogʻir oqibatlarga sabab boʻlganlar uchun shu fikrni ilgari suryapman. Men toʻgʻri kelgan YTH sababchisining oʻqituvchisini ishdan haydash degan fikrdan yiroqman.

Koʻp muhokama boʻladi YTHga sababchilardan yoʻlning holati va boshqa narsalar sanaladi. Bu uchun javobgar tashkilotlar bor. Bu haqda nimadir deyolmayman. Ularga baho berishga mening hech qanday vakolatim yoʻq. YTHning doim, birinchi va asosiy sababchisi haydovchi boʻladi. Albatta, hech kim ertalab uydan chiqayotganda kimnidir urib ketaman, kimnidir oʻldiraman degan niyat bilan chiqmaydi. Lekin bu yoʻl. Yoʻl nosoz boʻlsa haydovchi shunga mos tezlikda haydashi kerak.

Muxbir: Rasmiy maʼlumotlar mavjud boʻlmasa-da, avvallari tashkilotning korrupsion holati xalq orasida yuqori baholanardi, korrupsiyalashgan tashkilot sifatida eʼtirof etishardi. Xususan, haydovchilik guvohnomalari sotilishi bilan bogʻliq holatlar ham kuzatilgan. Bu gaplarga nisbatan munosabatingiz qanday, rahbar sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish bo’yicha nimalar qildingiz?

foto: Vatanparvar

H. B: “Vatanparvar” tashkilotida korrupsiyaning kelib chiqishiga birinchi omil odamlarning bugungi kundagi ijtimoiy holatidir. Agar daromadi yaxshi boʻlsa, halol, pokiza inson boʻlsa, albatta nojoʻya ishlarga qoʻl urmaslikka harakat qiladi. Men kelganimdan buyon 2 ta korrupsion holat roʻy berdi. Biri Mirobod tumanimizda oʻquv sport texnika klubimiz rahbari oʻqishga qatnashmagan fuqaroga tanishlari orqali haydovchilik guvohnomasini olib berish vaʼdasini bergan. Shuni bilish kerakki, guvohnomani “Vatanparvar” tashkiloti bermaydi. YHX tashkilotining joylardagi boʻlimlari beradi. Men bu korrupsion holatlar ular bilan kelishib qilinyapti degan fikrdan ham yiroqman. Lekin ushbu holat aniqlandi. Biz buni inkor eta olmaymiz.

Ikkinchisi Yunusoboddagi tashkilotimizda oʻquv ishlari boʻyicha rahbar oʻrinbosari u ham xuddi shunday oʻqimagan fuqaroga guvohnoma olib bermoqchi boʻlgan. Bu fakt va men buni inkor eta olmayman. Balki yana qayerdadir boshqa yoʻllar bilan korrupsiya qilinayotgandir. Men toʻgʻrisi tashkilotga kelganimga mana 7 oy boʻlyapti.

Korrupsiyani oldini olish uchun koʻrilgan choralar natijasida, endi yagona darcha orqali roʻyxatdan oʻtiladi, ularning muqim oʻqishda qatnashishi, nazariy va amaliy oʻqishda qatnashishi YHXning elektron tizimi orqali nazorat qilinadi.

Ayrimlar meni vaqtim yoʻq mana bu pulni oling va menga guvohnomani qilib bering, faqat meni bezovta qilmang deydi. Shu kabi holatlarda boshidanoq oʻqishga qabul qilayotgan rahbar “Vatanparvar”da onlayn oʻqish imkoniyati mavjudligini aytishi kerak. Shu odam ishida boʻlsa ham uyida boʻlsa ham 1-2 soat bugungi mavzuni onlayn tarzda oʻqib borib ham oʻrganishi mumkin.

Shaxnoza To’ramurodova,

interfax.uz uchun maxsus

Fikr bildirish

Latest from Blog