6 mart kuni ijtimoiy tarmoqlarda UzAuto Motors xodimlari kompaniyaning avtoturargohiga yig‘ilgani va ish haqining keskin pasayib ketganidan, shuningdek undan ushlab qolinganidan norozi bo‘layotganliklari aks etgan video tarqaldi.
Treyler haydovchilaridan biri 20 ming so‘m, ikkinchisi 450 so‘m ish haqi olganini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ish haqi masalasi 5 oy davomida o‘rganilgan, ammo hozircha hech qanday natija yo‘q.
Shu kunning o‘zida UzAuto Motors kompaniyasi Transport tashuvlari boshqarmasi haydovchilari D.Rahmonov, J.Sultonov va boshqa ishchilarning murojaatini o‘rganib chiqdi.
Kompaniya ish haqi bo‘yicha qarzi yo‘qligini ma’lum qildi.
«Fevral oyi uchun ish haqi o‘tgan oyning 20 sanasida avans tariqasida, mart oyining 5 sanasida to‘liq to‘lab berilgan. Xodimning ish haqidan uning yozma arizasiga asosan kredit to‘lovlari hamda sud qaroriga asosan majburiy undiruv amalga oshirilgan», — deyiladi xabarda.
Kompaniya mazkur murojaat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi, viloyat bandlikka ko‘maklashish boshqarmasi xodimlari ishtirokida haydovchilar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Uchrashuv doirasida «UzAutomotors» AJ tomonidan ish haqini to‘liq hisoblab to‘lab berilganligi, kompaniya tomonidan biror-bir asossiz ushlanmalar amalga oshirilmaganligi, shuningdek ishchi-xodimlarga yaratilgan ijtimoiy himoya paketi ya’ni, transportda ishga kelib-ketishi, maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlanishi, ovqatlanishi, tibbiy ko‘riklari uchun to‘lovlar kompaniya hisobidan amalga oshirilayotganligi tushuntirib berildi.
Oila kodeksining 99 moddasiga binoan, bolalarni boqish uchun xodimning daromadidan ushlab qolinadigan alimentning miqdori bir nafar bola uchun — 25%, ikki nafar bola uchun — 33,3% , uch va undan ortiq bola uchun — 50 foizni tashkil etadi.