/

“UzAuto Motors” ayrim hujjatlarni qalbakilashtirilganligi sabab diler korxonasi bilan kelishuvni bekor qildi

“UzAuto Motors” matbuot xizmatining xabar berishicha, dilerlik markazlarida avtomobil sotuvining shaffofligi qay darajada tashkillashtirilganligi boʻyicha “GURLAN AVTOSALON” MChJda monitoring oʻtkazilgan.

Oʻtkazilgan monitoring natijasida, olib borilgan ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, diler korxonasi tizimli ravishda xato va kamchiliklarga, qonun buzilish holatlariga yoʻl qoʻyib, dilerlik kelishuvi talablarini buzganligi aniqlandi.

“Tekshiruv davomida Dilerlik korxonasi tomonidan avtomobil sotuvidan „UzAuto Motors“ AJ hisob-raqamiga kelib tushishi lozim boʻlgan pul mablagʻlarining talon-toroj qilinganligi, boʻlib toʻlash sharti bilan aksiyasi doirasida xarid qilingan avtomobillar boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik yuzaga kelganligi qolaversa, aksariyat hujjatlar oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmay qalbakilashtirilganligi kabi kamchilik va qonun buzilishlariga yoʻl qoʻyilganligi maʼlum boʻldi”, — deyiladi xabarda.

Tekshiruvlar natijasida “UzAuto Motors” AJ “GURLAN AVTOSALON” MChJ (Xorazm viloyati Gurlan tumani) bilan dilerlik kelishuvining bir qator bandlarini qoʻpol ravishda buzganligi sababli shartnomani bekor qildi. Dilerlik korxonasida aniqlangan ushbu qonun buzilishi holatlariga huquqiy baho berish va qonuniy qaror qabul qilish uchun toʻplangan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim qilindi.

Shuningdek kompaniyaning taʼkidlashicha, “GURLAN AVTOSALON” MChJ va mijozlar oʻrtasida tuzilgan shartnomalar boʻyicha mijozlar oldidagi majburiyatlar “XORAZM AVTOTEXXIZMAT” MChJ tomonidan bajariladi.

“UzAuto Motors” AJ tomonidan “GURLAN AVTOSALON” MChJning mijozlar oldidagi majburiyatlari oʻz vaqtida toʻliq bajarilishi kafolatlanadi.

Kompaniya fuqarolarga murojaat qilib, agarda dilerlik markazlari tomonidan avtomobil xarid qilish jarayonida tamagirlik holatlariga duch kelinsa, 78 141 77 77 raqamiga murojaat qilishlarini soʻragan.

Maʼlumot uchun, dilerlar bilan shartnomalarni bekor qilish “UzAuto Motors”da tez-tez kuzatilib turadi. Xususan, 2021-yilning sentyabr oyida Namangandagi, joriy yilning yanvar oyida esa Andijondagi dilerlar bilan ishlash toʻxtatilgandi.

Fikr bildirish

Latest from Blog