Usmonxon Alimov: Imom-xatib islom ma’rifatini yoyishda ijtimoiy tarmoqlardan unumli foydalanishi darkor

15-noyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasining Andijon viloyat vakilligi majlislar zalida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida diniy soha xodimlarining Respublika anjumani bo‘lib o‘tdi, deb xabar beradi Farg‘ona viloyati vakilligi sayti.

Foto: “Muxlis.uz”

Anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimov so‘zga chiqib, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda barcha sohada olib borilayotgan islohotlar hamda bugunning dolzarb masalalari haqida gapirib, imom-xatiblarning vazifa va mas’uliyatlari borasida ham to‘xtalib o‘tdi.

“Bugun global axborot makonida hamma kuchlar o‘z manfaatlari uchun kurash olib bormoqda. Internet imkoniyatlaridan keng foydalanishni targ‘ib qilar ekanmiz, uning foydali jihatlariga e’tibor qaratib, zararli tomonlaridan ogohlikka chaqirishimiz zarur. Turli manbasi noma’lum saytlarda odam aqlini chalg‘ituvchi, ayniqsa yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiruvchi, yashirin g‘oyalar mavjudligini ularga tushuntirib borishlari darkor. Bunday saytlarning bosh g‘oyasi sof islom ta’limotini buzib talqin etish, shu orqali qalbi nafis yoshlarning fikrini zaharlash orqali tinch-totuv hayotlarini izdan chiqarish, alal-oqibat yurt tinchligiga raxna solishdan iboratdir. Bu masalalarni tushuntirishda islom dini bu ma’rifat, ilmu irfon, ezgulik, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi din ekaniga alohida e’tibor berishlari kerak”, — deydi Usmonxon Alimov.

Shuningdek, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi har bir imom-xatib ish jarayonini zamonaviy texnika vositalari yordamida amalga oshirishi kerakligini ta’kidladi.

“Zamon texnologiyalariga begona ko‘z bilan qarash biz diniy soha vakillarining ayrimlariga odat bo‘lib qolgan. Vaholanki bunday texnologiyalar nafaqat ish yuritishni yengillatadi, balki uning tarkibiy qismi bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlar yoshlarning din o‘rganishdagi asosiy manbalariga aylanib ulgurdi. Shuning uchun siz imom-xatiblarning oldingizdagi birlamchi vazifa ana shu minbarlarni g‘arazgo‘ylardan tortib olib, xalqimizga islom ma’rifatini yoyishning yana bir vositasi sifatida ulardan unumli foydalanishingiz darkor”, — deydi Usmonxon Alimov.

Latest from Blog