2017-yilning 17-aprel kuni AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va Markaziy Osiyo Mintaqaviy ekologik markazi bilan hamkorlikda suv resurslarini boshqarish bo‘yicha “Suv, ta’lim va hamkorlik” nomli yangi 5 yillik loyihasini Toshkentda ishga tushirdi. Bu haqda AQShning O’zbekistondagi elchixonasi matbuot xizmati xabar qildi.
AQShning O‘zbekistondagi elchisi Pamela Spratlen nutq so‘zlagan mazkur tadbirda suv xo‘jaligi tashkilotlari, Oliy Majlis deputatlari, oliy ta’lim muassasalari, nodavlat va notijorat tashkilotlari hamda xalqaro hamkorlik tashkilotlarining 50ga yaqin vakillari ishtirok etdi.
USAIDning ushbu loyihasi mintaqaviy dastur bo‘lib, u mintaqaviy o‘quv tizimlarini rivojlantirish, Orol dengizi havzasida joylashgan mamlakatlarning suv sektorida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, tadqiqotchilar va katta mutasaddi shaxslarni o‘qitish va malakasini oshirishga qaratilgan. Tarmoqlararo hamkorlikni takomillashtirish va salohiyatni oshirish suv resurslarini milliy va mintaqaviy darajada barqaror boshqarish uchun yordam beradi. Buning natijasida esa O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash hamda yo‘qotishlarni kamaytirishga erishish ko‘zda tutilgan.