Qozog‘iston Rossiya bilan Belarus ittifoqiga qo‘shilishi shart emas. Bu haqda mamlakat prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bayonot berdi va Qozog‘istonni Ittifoqqa qo‘shilishga chaqirgan Aleksandr Lukashenko so‘zlarini «hazil» deb atadi.
«Men uning hazilini qadrlayman. O‘ylaymanki, bunga hojat yo‘q, chunki boshqa integratsion birlashmalar, birinchi navbatda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bor», dedi To‘qayev Shimoliy Qozog‘iston viloyatiga tashrifi chog‘ida.
Qozog‘iston prezidenti, shuningdek, mamlakat yadroviy qurolga muhtoj emasligini, chunki yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi xalqaro shartnomaga qo‘shilganini ta’kidladi.
24 may kuni Yevroosiyo iqtisodiy forumi yig‘ilishida so‘zga chiqqan To‘qayev YeOII doirasidagi integratsiyaning turli darajalariga, jumladan, hozirda «hatto umumiy yadro quroliga ega bo‘lgan Rossiya va Belarus ittifoqi «fenomeni»ga» e’tibor qaratgan edi.
28 may kuni Rossiya propaganda dasturining boshlovchisi Pavel Zarubin Belarus prezidenti Lukashenkoning To‘qayev bayonotiga izohini keltirdi.
«Agar Qozog‘iston yoki boshqa mamlakatlar Belarus va Rossiya kabi juda yaqin aloqalarga ega bo‘lishni istasa, bu juda oson. Belarus va Rossiya ittifoqiga qo‘shilish kerak, shunda hamma umumiy yadro quroliga ega bo‘ladi», dedi Lukashenko.
Kreml To‘qayevning forumdagi bayonotini izohlar ekan, Ittifoq davlati «YeOII tashkilotiga qaraganda ancha rivojlangan integratsiya darajasi» ekanini qayd qildi.
«Bu dunyodagi noyob holat va buni e’tiborga olish olish kerak», dedi Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
- Rossiya va Belarus ittifoqi davlati 2000 yil yanvaridan beri mavjud. Ittifoq a’zolari umumiy parlament, konstitutsiya, yagona valuta yaratish masalasini muhokama qilishgan, biroq hozircha bunday kelishuvni qabul qilishmagan. 2021 yilda Moskva va Minsk mamlakatlar integratsiyasiga qaratilgan 28 ta ittifoq dasturini kelishib oldi.
- 2023 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Belarusda taktik yadro qurolini joylashtirishga va’da bergan edi. 25 may kuni ikki davlat mudofaa vazirlari Sergey Shoygu va Viktor Xrenin tegishli hujjatlarni imzoladi. Ko‘p o‘tmay, Aleksandr Lukashenko Belarusga yadro qurolini topshirish «allaqachon boshlanganini» e’lon qildi.