Twitter Amerikaning yetakchi ommaviy axborot vositalarida ishlaydigan o‘nlab jurnalistlarning akkauntlarini bloklab qo‘ydi. Bu haqda The Washington Post xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, The Washington Post jurnalistidan tashqari, The New York Times, CNN, Substack va boshqa bir qator nashrlar muxbirlarining Twitter’dagi sahifalari bloklangan.
Gazetaning yozishicha, cheklovlar Twitter’ning boshqa shaxs joylashuvini uning roziligisiz ulashishni taqiqlash haqidagi qarori bilan bog‘liq.
“Maskning o‘zi bu taxminlarni bilvosita tasdiqladi. Jurnalistlar boshqalar kabi doxxing qoidalariga bo‘ysunadi”, — deb yozdi u Twitter’da.
Doxxing bu — shaxs haqidagi shaxsiy yoki maxfiy ma’lumotlarni uning roziligisiz qidirish va nashr etish.
CNN Twitter’ning qarorini “o‘ylamasdan qabul qilingan asossiz qaror” deb atadi va platformadagi beqarorlik hamda o‘zgaruvchanlik kuchayib borayotgani haqida gapirdi.
“Biz Twitter’dan harakatlarimizni tushuntirishni so‘radik va javobga qarab, munosabatlarimizni qayta ko‘rib chiqamiz,” — deyiladi telekanal Twitter sahifasida.
Keyinroq Mask Twitter’da uning joylashuvini kuzatuvchi hisoblarni qachon blokdan chiqarish kerakligi haqida so‘rov o‘tkazdi. Mask dastlabki so‘rovnomada bir nechta variantlar berilgani uchun uzr so‘rab yana bir bor so‘rov o‘tkazdi.
Toshkent vaqti bilan 16-dekabr kuni soat 16:00 holatiga ko‘ra, so‘rovnomaga ovoz berganlarning 59 foizi blokirovkani zudlik bilan tugatish, 41 foizi bunday akkauntlarni yetti kundan ortiq taqiqlab qo‘yish tarafdori.
Forbes ta’kidlashicha, Maskning joylashuvini kuzatgan akkauntlardan tashqari, boshqa milliarderlar, jumladan Amazon asoschisi Jeff Bezos va Microsoft asoschisi Bill Geytsning samolyotlarini “kuzatib kelgan” sahifalar ham bloklangan.
Bloklashdan so‘ng Twitter o‘zining xavfsizlik siyosatini yangilagani va real vaqtda boshqa odamlarning joylashuvini ko‘rsatuvchi tvitlarni olib tashlashini ma’lum qildi.