Istanbul sudi turkiyalik inson huquqlari faoli, tadbirkor va filantrop Usmon Kavalani shartli ozodlikka chiqish huquqisiz umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.
64 yoshli jamoat arbobi 2013-yilda Turkiyadagi ommaviy norozilik namoyishlari munosabati bilan hukumatni agʻdarishga urinishda aybdor deb topildi.
Shu bilan birga, sud dalillar yoʻqligi sababli Kavaladan josuslik ayblovlarini olib tashladi. Bu ish boʻyicha yana yetti nafar ayblanuvchi davlat toʻntarishiga urinishda yordam berganlikda ayblanib, 18 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Kavala va boshqa ayblanuvchilar barcha ayblovlarni rad etishmoqda.
Amnesty International hukmni absurd deb atadi. “Bu hukm nafaqat Usmon Kavala, balki boshqa ayblanuvchilar, ularning oilalari, Turkiya va undan tashqarida adolatga ishongan har bir inson uchun halokatli zarba boʻldi”, dedi Xalqaro Amnistiya tashkilotining Yevropa boʻyicha direktori Nils Muijnieks.
Kavala 2013-yilda Istanbuldagi Gezi bogʻida hukumatga qarshi namoyishlarni moliyalash va uyushtirganlikda ayblanib hibsga olingan edi. Ekologik aksiya sifatida boshlangan ommaviy norozilik namoyishlari siyosiy tomoshaga, politsiyaning aralashuvi va ularning shafqatsiz zoʻravonligidan soʻng tartibsizliklarga aylandi.
2020-yil fevral oyida sud Kavalani oqladi. Biroq, u ozodlikka chiqmadi. Oʻsha kuni prokuratura uni hibsga olish uchun yangi order berdi, unda Kavalaning Turkiyadagi davlat toʻntarishiga urinish va Erdoʻgʻonni agʻdarishda, shuningdek, josuslik faoliyatida ishtirok etishi ehtimoli borligi aytiladi.
2021-yil oktyabr oyida Germaniya, Fransiya va AQSh kabi oʻnta davlatning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari qoʻshma murojaatnoma bilan chiqishgan va unda Kavalani ozod qilishga chaqirgan edi. Bunga javoban Erdoʻgʻon bu davlatlarning elchilarini Turkiyadan chiqarib yuborish bilan tahdid qilgan. Shundan soʻng ular diplomatlardan mezbon davlatning ichki ishlariga aralashmaslikni talab qiluvchi Vena konventsiyasiga rioya qilishga vaʼda bergan bayonotlar bilan chiqishdi.
Usmon Kavala Turkiyada juda mashhur shaxs boʻlib, oʻz faoliyatini oʻtgan asrning 90-yillarida boshlagan. U inson huquqlari, oʻrmonlarning kesilishi va tuproq eroziyasiga qarshi kurashgacha boʻlgan turli loyihalar bilan shugʻullangan koʻplab nodavlat notijorat tashkilotlarining asoschisi hisoblanadi.
Kavala Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotining saxovatli homiysi sifatida ham tanilgan. 2002-yilda Kavala tomonidan asos solingan jamgʻarma kurdlarning madaniy loyihalarini moliyalashtiradi va suriyalik qochqinlarni qoʻllab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Usmon Kavala Turkiyadagi Jorj Soros tomonidan yaratilgan xalqaro grantlar tarmogʻining asoschilaridan biri boʻlgan va u 2018 yilda rasmiylar bosimi tufayli Turkiyadagi faoliyatini toʻxtatgan.