Turkiya Savdo palatalari va tovar birjalari uyushmasining prezidenti rahbarligida Turkiya Respublikasi ishbilarmon doiralari delegatsiyasi Oʻzbekistonga keldi.
Shu munosabat bilan Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasida 25-dekabr kuni Oʻzbekiston-Turkiya biznes-forumi tashkil etildi.
Tadbirda oʻzbek va turk kompaniyalari oʻrtasida savdo aloqalari yoʻlga qoʻyilishini qoʻllab-quvvatlash, yangi qoʻshma korxonalarni ishga tushirish va yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari koʻrib chiqildi.
Biznes-forum oʻzbek va turk tomonlarining maʼruzalarini tinglash shaklida oʻtkazildi. Uchrashuv chogʻida ikki davlat tadbirkorlari oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni mustahkamlash boʻyicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va chuqur qayta ishlash, saqlash, qadoqlash va oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha komplekslarni qurish, toʻqimachilik va charm-qayta ishlash sanoatida zamonaviy qoʻshma korxonalarni tashkil etish, jumladan, paxta tolasi va charm xomashyosini qoʻshma chuqur qayta ishlash, farmatsevtika sohasida yangi loyihalarni amalga oshirish orqali tayyor brend mahsulotlarini tashqi bozorlarda ilgari surishni yoʻlga qoʻyish masalalarini koʻrib chiqdilar.
Oʻzbekiston va Turkiyaning oʻzaro hamkorlikka boʻlgan intilishi ikki davlat tarixida kelajak sari qoʻyilgan muhim qadam sanaladi.
Turkiya Oʻzbekistonning muhim savdo hamkori hisoblanadi. 2016-yil yakunlari boʻyicha oʻzaro savdo aylanmasi 1,2 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning 9 oyi davomida oʻzaro savdo aylanmasi xajmi 29%ga oʻsdi.
Hozirda Oʻzbekistonda 500 ga yaqin turk firma va kompaniyalari faoliyat yuritadi. Faqatgina 2016-yilning oʻzida respublikada turk kapitali ishtirokida 20 dan ortiq korxona tashkil etilib, 53 ta kompaniyaning vakolatxonasi akkreditatsiyadan oʻtkazilgan.